2022- yilning 21- iyun kuni Davlat statistika qoʻmitasida “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi yangi qonunining mazmun-mohiyati, ahamiyati, amaliyotga joriy etilayotgan o‘zgarish va tushunchalar hamda transport statistikasi mavzusiga bag’ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda, Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati xodimlari, Toshkent Davlat transport universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va magistrlar ishtirok etdi.



Davra suhbatida “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi yangi qonunining mazmun-mohiyati, ahamiyati, amaliyotga joriy etilayotgan o‘zgarish va tushunchalar haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, yangi qonun xalqaro statistik hamjamiyat tomonidan tavsiya etilgan rasmiy statistikaning asosiy tamoyillariga mamlakatda to‘liq rioya qilish uchun zarur va ishonchli huquqiy asosni yaratib beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonuni milliy statistika tizimi faoliyatini tartibga solish barobarida, rasmiy statistikaning ochiqligi va shaffofligini ta'minlash borasidagi islohotlarning natijadorligiga erishish, foydalanuvchilarning ishonchli, sifatli va dolzarb rasmiy statistik ma'lumotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish va shak-shubhasiz mamlakatning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.



Shuningdek, tadbirda Xizmatlar sohasi statistikasi boshqarmasi boshlig’i Abdug’ofur Mirzoxidov transport sohasi statistikasi bo‘yicha ma’ruza qildi. Universitet vakillari mutaxassislardan to’g’ridan–to’g’ri ochiq muloqot shaklida o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Davra suhbati yakunida Toshkent Davlat transport universiteti bilan bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda o’tkazish hamda talabalar uchun amaliyot darslarini tashkil etishga kelishib olindi. Shuningdek, universitet bilan memorandum imzolash masalasi ko‘rib chiqildi.



Ma'lumot uchun: Davlat statistika qo‘mitasi statistik ma'lumotlardan foydalanuvchilarning keng doirasi, shu jumladan respublikaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan sohaga doir dolzarb mavzularda muntazam ravishda davra suhbatlari o‘tkazib kelmoqda.
Matbuot xizmati


