Shu yilning 27-yanvar kuni “Open Data Challenge” xakatoni boshlandi. Ushbu xakaton IT Park YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori va Virtual Group IT-kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi va Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi ko‘magida tashkil etildi.
“Open Data Challenge” – bu ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda texnologik yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha har yillik tanlov. Xakaton fuqarolarning ochiq ma’lumotlardan foydalanishga boʻlgan qiziqishini rivojlantirish va oshirishga qaratilgan.
Ushbu tanlovning maqsadlari – fan boʻyicha professional hamjamiyatni rivojlantirish; davlat va munitsipal hokimiyat organlari vakillarining, shuningdek, xakaton ishtirokchilarining tegishli vakolatlarini rivojlantirish; davlat va munitsipal ochiq maʼlumotlarning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini amalga oshirish.
2023-yilda dastlabki 4 ta yo‘nalish bo‘yicha tanlov o‘tkazish rejalashtirilgan:
- davlat sektori;
- ijtimoiy sektor;
- biznes sektori;
- korruptsiyaga qarshi kurash.