Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 6- fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligiga Xalqaro valyuta jamg‘armasidan milliy hisoblar statistikasi bo‘yicha vakili Levan Gogoberishvili tashrif buyurgan edi.


Joriy yilning 17- fevraliga qadar davom etgan tashrif davomida ekspert tomonidan diskret choraklik milliy hisoblar ko‘rsatkichlari, resurslar va ishlatilish jadvallarini shakllantrish, kuzatilmaydigan iqtisodiyotni baholash hamda boshqa iqtisodiy statistika bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni hisoblash uslubiyoti va amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.


Tashrif yakunida Statistika agentligi rahbariyati hamda tarmoqlar statistikasi boshqarmalari boshliqlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Milliy hisoblar tizimi – 2008 xalqaro uslubiyotini amaliyotga joriy etganligi e’tirof etildi.


Ekspert bilan tashrif natijalari, milliy hisoblarni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan hamkorlikni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

Matbuot xizmati


