Joriy yilning 3-may kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi hamda Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (MXT)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Migratsiyaga oid statistik ma’lumotlar bilan ishlash: mavjud amaliyot va istiqboldagi rejalar” mavzusida davra suhbati tashkil etiladi.
Mazkur davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad migratsiyaga oid statistik ma’lumotlarni jamlash va tahlil qilish bo‘yicha mavjud xalqaro vositalar, shu jumladan MXT tomonidan ishlab chiqilgan metodologiyalar bilan tanishish, Markaziy Osiyo davlatlarida bu borada mavjud amaliyot va yondashuvlar, ilg‘or tajribalar bilan almashish, MXT tomonidan Markaziy Osiyoda ko‘chishni kuzatish va mobillikni kuzatish asosida to‘plangan tajriba va natijalarni taqdim etish, migratsiyaga oid statistik ma’lumotlarni jamlash va tahlil qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan statistika idoralar yuqori darajadagi (lavozimdagi) vakillari, MXT mutaxassislari va ekspertlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekistonning tegishli davlat idoralari, Qozog‘iston, Qirg‘izston va Tojikiston davlat idoralari, MXTning Venadagi Mintaqaviy ofisi, Markaziy Osiyo davlatlaridagi missiyalarining vakillari mavzuga oid o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etishi kutilmoqda.


