2023- yil 29- may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi tomonidan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida davra suhbati tashkil etildi. Unda Statistika agentligi markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati hamda yurtimizda tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan talabalarga atroflicha ma’lumotlar berildi.


Ta’kidlanganidek, mamlakatimizdа olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar xorijiy davlatlar bilan savdo aloqalarining jadal o‘sishiga xizmat qilmoqda. Xususan, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar mahalliy kompaniyalarga tashqi bozorlarda ko‘proq tajriba orttirishga imkon beradi. Pirovardida ular jahon savdosida raqobatdosh ustunlikka ega bo‘ladi.


Respublikada bu borada so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan eksportni rag‘batlantirish, importni optimallashtirish va umuman olganda tashqi savdo muvozanatini taʼminlash maqsadida amalga oshirilgan choratadbirlar natijasida, 2023- yil yanvar-aprel oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 19,6 mlrd. AQSH dollariga yetdi va 2022- yilning yanvar-aprel oylariga nisbatan 2,3 mlrd. AQSH dollariga yoki 13,4 % ga ko‘paydi.


Tashqi savdo aylanmasi – muayyan davr uchun mamlakat eksporti va importi qiymatining miqdori hisoblanadi. Tovarlarning tashqi savdo statistikasida O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirish (import) yoki O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan olib chiqish (eksport) natijasida mamlakat material resurslari zaxiralariga qo‘shiladigan yoki ulardan ayirib tashlanadigan tovarlar hisobi tashqi savdo umumiy hisob tizimi asosida yuritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi jahonning 176 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. TSAning nisbatan salmoqli hissasi XXRda (17,0 %), Rossiyada (15,1 %), Qozogʻistonda (7,7 %), Turkiyada (5,4 %), Koreya Respublikasida (4,1 %), Germaniyada (4,0 %), va Qirg‘iz Respublikasi (1,7 %) qayd etilgan.

Davra suhbati yakunida bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda o’tkazish hamda talabalar uchun amaliyot darslarini tashkil etishga kelishib olindi.

Statistika agentligi mutaxassislari davra suhbati ishtirokchilari tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdilar.

Tadbirda faol ishtirok etgan talabalarga kitoblar sovg’a qilindi.
Matbuot xizmati


