15-dekabr kuni Statistika agentligi Inson resurslarini boshqarish boshqarmasi boshligʻi – Xotin-qizlar tashkiloti raisi Zulxumor Talipova ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi statistika boshqarmasida yigʻilish tashkil etildi.
Yigʻilishda boshqarmada faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar qatnashdilar.

Zulxumor Talipova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-sonli “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-ahloq qoidalariga rioya etilishini taʻminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori va shu asosda tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining Namunaviy qoidalari”ga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, yigʻilganlarning eʻtiborini kasbiy madaniyat, xizmat faoliyati va xizmatdan tashqari vaqtda fuqarolik xizmatchisining odob-axloqi kabi muhim tartiblari har bir xodimning maqomini belgilab berishiga qaratdi.
Shu bilan bir qatorda boshqarmada tuzilgan xotin-qizlar boshlangʻich tashkilotining faoliyati va uning ayollar hayotidagi oʻrni yuzasidan suhbatlashdi.

Inson resurslarini boshqarish boshqarmasi boshligʻi, xotin-qizlar tashkiloti raisi Zulxumor Talipova tomonidan hududiy boshqarmada tashkil etilgan boshlangʻich tashkilotiga xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va mehnat sharoitlarini yaxshilashga eʻtibor qaratish boʻyicha tavsiya va takliflar bildirildi.

Shuningdek, yigʻilishda oʻtayotgan yilning yakuni sarhisob qilinib, yangi 2024-yilda boshlangʻich tashkilotlari oldida turgan vazifalar muhokama etildi, xususan, respublika miqyosida statistika tizimida ayollar oʻrtasida koʻrik-tanlovlarni tashkil etish taklifi ilgari surildi.


