2024-yil 29-fevraldan 1-martga qadar Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida Jahon banki (e-GATE) koʻmagida “Elektron tijoratni Markaziy Osiyoda rivojlantirish va hajmlarini hisoblash metodikalari” bo‘yicha mintaqaviy seminar boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori oʻrinbosari Agzam Ikramov hamda agentlikning Markaziy apparat xodimlari onlayn ishtirok etishdi.

Forumda Kanada, Albaniya, Sloveniya, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi va Qozog‘iston statistika organlari vakillari, Jahon bankining e-GATE, UNCTAD kabi xalqaro tashkilotlar ekspertlari va Alibaba yirik savdo platformalari vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasidan Sherzod Muminov va Xizmatlar sohasi statistikasi boshqarmasidan Xan Elena Afanasyevna qatnashdilar.

Seminarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori oʻrinbosari Agzam Ikramov kirish soʻzi bilan ochib berdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar elektron tijorat hajmlarini hisoblashdagi global muammolarni muhokama qildilar va Markaziy Osiyoda raqamli iqtisodiyotning umumiy rivojlanishiga hissa qo‘shish maqsadida, mintaqada elektron tijorat hajmlarini hisoblashning standartlashtirilgan metodologiyasini ishlab chiqish asoslarini belgilab oldilar.


