2024-yilning 18–19-aprel kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan tashkil etilgan ekologik monitoring va baholash bo‘yicha Ishchi guruhning 26-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada Yevropa Komissiyasi, Atrof-muhit bo‘yicha Yevropa agentligi, Yerni kuzatish guruhi, Yevropa kosmik agentligi, Atrof-muhit bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining dasturi, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Avstriya, Ozarbayjon, Armaniston, Bosniya va Gersegovina, Gruziya, Italiya, Qozog'iston, Moldova, Rossiya, Ruminiya, Makedoniya, Serbiya, Tojikiston, O’zbekiston, Ukraina hamda Finlyandiya mamlakatlarining atrof-muhit sohasi bo’yicha mutaxassislari va statistika xizmatlari vakillari ishtirok etdilar.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Qishloq xo‘jaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Shovkat G‘ulomov ham ishtirok etdi.

Sessiya atrof-muhitni baholash jarayonini qo‘llab-quvvatlashda ekologiyaga oid ma’lumotlarni va ko‘rsatkichlarni integratsiyalash va modernizatsiya qilish maqsadida oldindan qabul qilingan yoki rejalashtirilgan turli xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslarga, atrof-muhit monitoringi va baholashda erishilgan yutuqlarga hamda Sharqiy Yevropa, Kavkaz, Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasini, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘llarini o‘rganishga yo‘naltirildi.



