Joriy yilning 16–25-aprel kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida agentlik mutaxassislari hamda vazirlik va idoralarning gender ma’lumotlarini shakllantirish uchun mas’ul xodimlari ishtirokida o‘quv seminarlar tashkil etildi.


Shuningdek, seminarlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2024-yil 10-fevraldagi SQ-875-IV-son qarori bilan tasdiqlangan “2030-yilga qadar O’zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2024-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan “Vazirlik va idoralardagi gender statistikasiga oid ko‘rsatkichlarni shakllantiruvchi xodimlarning malakasini oshirish rejasi” doirasida o‘tkazildi.


Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining Maqsadli ko‘rsatkichlarini o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli shakllantirlishini ta’minlash, shuningdek ularning metama’lumotlarini shakllantirish yuzasidan tushunchalar berildi.


Mazkur tadbir davomida gender statistikasidan foydalanuvchi xalqaro tashkilotlar va boshqa foydalanuvchilarni O‘zbekiston Respublikasining gender tengligi borasida olib borayotgan islohotlari natijalari to‘g‘risida to‘liq va xolis axborot bilan ta’minlashda Agentlikning gender.stat.uz rasmiy portalining tutgan o‘rni haqida ham ma’lumot berildi.


Seminarlar vazirlik va idoralar vakillari bilan qizgʻin bahs-munozaralar tarzida oʻtkazilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berildi.




