O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-fevraldagi “Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-62-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan Statistika agentligi tomonidan ham bir qator vazifalar amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan joriy yilning 28-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida “Statistika” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda “Statistika” va “Biznes tahlil” magistratura mutaxassisliklari uchun o‘quv reja va malaka talablarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan muhokama tashkil qilindi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori o‘rinbosari Ziyayev Zoxidjon Murotovich boshchiligida agentlik xodimlari, Yonsei universitetidan xorijiy ekspert hamda Qoraqalpoq davlat universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bir qator professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Muhokamada A.Ayubjonov hamda B.Utanov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan yuqoridagi yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha ishlab chiqilgan o‘quv rejalari bo‘yicha taqdimot qildi.

Tadbir yakunida mazkur ishlab chiqilgan o‘quv rejalarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha Statistika agentligi, xorijiy ekspert va boshqa OTMlarning takliflari qabul qilinib, muhokamani davom ettirishga kelishib olindi.



