14/06/2024

Bizga maʼlumki, joriy yilning 27-fevralidan 1-martiga qadar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida Statistika komissiyasining navbatdagi 55-sessiyasi boʻlib oʻtgan edi. Sessiyada BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Yevrostat va Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasi tomonidan 2024-yilning 4-choragiga qadar Oʻzbekiston milliy statistika tizimini global baholashdan oʻtkazish rejalashtirilgan edi.

1_14_06_2024_7j1a0809

Shu munosabat bilan, joriy yilning 10-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligiga “Oʻzbekiston milliy statistika tizimini global baholash” maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi ekspertlar guruhi tashrif buyurdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi rahbariyati boshchiligida markaziy apparat xodimlari hamda ekspertlar guruhi - Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YIK) Tayeke Gyaltema, Stela Derivolsova, Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasi  (EFTA) Dario Flori va Rendi Yoxannessen, Yevropa Ittifoqining statistika idorasi (Yevrostat) Torbyorn Karlkvist ishtirok etishdi.

2_14_06_2024_7j1a0833

Global baholashning maqsadi xalqaro va Yevropa ko‘rsatmalari va tavsiyalariga, shu jumladan, BMTning rasmiy statistikani asosiy tamoyillari va Yevropa statistikasi amaliyot kodeksiga muvofiq, rasmiy statistikani tayyorlashda institutsional, tashkiliy va texnik salohiyatni chuqur va har tomonlama tahlil qilishdan iborat.

3_14_06_2024_7j1a0846

Global baholashlar dastlab 2008-yilda Janubiy-Sharqiy Yevropa va Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi milliy statistika tizimlarini baholashdan boshlangan.

Global baholashlar nafaqat milliy statistika idoralari (O‘zbekiston misolida, Statistika agentligi) bilan bog‘liq, balki rasmiy statistikaning barcha asosiy tayyorlovchilarini (masalan, markaziy banklar, moliya, mehnat vazirliklari va boshqalar) qamrab oladi. Shunday qilib, Global baholashlar hukumatlar, foydalanuvchilar hamda boshqa milliy va xalqaro manfaatdor tomonlar uchun statistika tizimlari rivojlanishining umumiy holati haqida keng qamrovli tasavvurga ega bo‘lish uchun noyob imkoniyat hisoblanadi.

4_14_06_2024_7j1a0978

Oʻzbekiston milliy statistika tizimini global baholash dasturiga koʻra, uchrashuvning 1-kunida Statistika agentligining rahbariyati bilan tanishuvidan boshlanib, jumladan maraziy apparat boshqarma boshliqlari tomonidan milliy statistika tizimining ustuvor vazifalari, muammolari va imkoniyatlari, milliy statistika tizimining huquqiy bazasi, kasbiy mustaqilligini himoya qilish toʻgʻrisida,  statistika ishlari dasturini amalga oshirish uchun kadrlar va byudjet mablagʻlari hamda axborot tarqatish, aloqa va foydalanuvchilar bilan ishlash mavzusida taqdimot qilindi.

5_14_06_2024_7j1a1007

Uchrashuvning 2-kunida Raqamli texnologiyalar va interaktiv xizmatlarni rivojlantirish hamda Axborot va kiberxavfsizlikni taʻminlash boshqarmasi tomonidan AT infratuzilmasi va dasturiy vositalari, maʻlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va tarqatishdagi roli haqida taqdimot qilindi. Shuningdek, Statistika agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, oliygohlar vakillari va boshqa faollar bilan uchrashilib, agentlik bilan oʻzaro hamkorligi muhokama qilindi.

6_14_06_2024_7j1a1402

Uchrashuvning 3-kunida оmmaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Statistika agentligining Axborot xizmati rahbari hamda “Oʻzbekiston iqtisodiy axborotnomasi” va “Fermer” ijtimoiy-iqtisodiy jurnallari hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va “Mening yurtim” telekanali muxbirlari ishtirok etishdi.

7_14_06_2024_7j1a1518

Axborot xizmati rahbari amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha taqdimot qildi. Shuningdek, uchrashuvga kelgan jurnalistlar oʻzaro hamkorlik borasida batafsil maʼlumotlar berishdi.

8_14_06_2024_7j1a1784

Mazkur o‘tkaziladigan Global baholash natijalari bo‘yicha olinadigan tavsiyalar O‘zbekiston milliy statistika tizimini rivojlantirishning 2026 – 2030-yillar uchun mo‘ljallangan strategiyasini ishlab chiqishda foydalaniladi.

9_14_06_2024_7j1a2072

Uchrashuvlar yakunida xorijlik ekspertlarga agentlikda yaratilgan shart-sharoitlar, muzey, sport zali va boshqa ish xonalari koʻrsatildi.

BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi ekspertlar guruhi “Oʻzbekiston milliy statistika tizimini global baholash” dasturi boʻyicha oʻzlarining dastlabki xulosalarini tayyorlab, agentlik mutaxassislariga taqdim etishdi.

10_14_06_2024_7j1a2345

Mazkur xulosalarga oid maʼlumotlarni keyingi xabarlarimizda berib boramiz.

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech