Joriy yilning 26–30- avgust kunlari Kanadaning Ottava shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi xodimlari YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ko‘magida Kanadaning Milliy statistika agentligida bo‘lib qaytishdi.
Mazkur tashrif davomida ochiq maʼlumotlar bilan ishlashda Kanada statistikasining tajribasi, statistik standartlardan foydalanish va metamaʼlumotlarni tarqatish, Kanadaning Ochiq ma’lumotlar portali va unga ma’lumotlar to‘plamlarini joylashtirish, Kanadaning Milliy statistika agentligi tomonidan Ochiq ma’lumotlarni qabul qilish jarayonlari va ochiq ma’lumotlarga o‘tish davrida qabul qilingan o‘zgarishlar, Kanadaning Milliy statistika agentligi ma’lumotlarini muvofiqlashtirish va almashish tajribasi, geofazoviy ma’lumotlar va ularni muvoviqlashtirish, infratuzilma loyihasini rejalashtirish vositasi, Kanadaning o‘zaro bog‘langan ochiq maʼlumotlar muhiti, bitta ochiq ma’lumotlar bazasi ostida binolar va korxonalar ma’lumotlar to‘plamini yig‘gan va uyg‘unlashtirgan tashabbus, Ochiq Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) sari erishilgan yutuqlarni nashr etish uchun ochiq manba platformasi kabi ilg‘or tajribalari o‘rganildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi xodimlari tomonidan agentlikning xalqaro faoliyatidagi tadbir va loyihalari, ustuvor maqsad va vazifalari, Ochiq ma’lumotlar sohasida O‘zbekiston Respublikasining yutuqlari, muammolari va istiqboldagi rejalari haqida taqdimot qilinib, tajriba almashinildi.
Shuningdek, 30- avgust kuni agentlik xodimlari Toronto shahrida Kanadaning Ochiq ma’lumotlar hamjamiyati direktori Paul Vet bilan ko‘rishishdi.
Unda Kanadaning Ochiq ma’lumotlar hamjamiyati faoliyati, tashkil etilishi, amalga oshirilayotgan ishlar hamda ular tomonidan har yili tashkil qilinadigan Ochiq ma’lumotlar sammiti haqida so‘z yuritildi.
Shu bilan bir qatorda, Kanadaning Ochiq ma’lumotlar hamjamiyati direktoriga O‘zbekiston Respublikasining so‘nggi yillarda Ochiq ma’lumotlar sohasida erishgan yutuqlari va istiqboldagi rejalari hamda ushbu erishilgan natijalarda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ko‘magi haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvlar yakunida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Kanadaning Milliy statistika agentligi va Kanadaning Ochiq ma’lumotlar hamjamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni yanada samarali davom ettirishga kelishib olindi.
Axborot xizmati