2024- yilning 9–12- sentabr kunlari Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Statistika bo‘limi, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi davlatlari uchun BMT Statistika instituti, Statistik siyosatni rejalashtirish bo‘yicha kanselyariya bosh direktori, Yaponiya hukumatining Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi hamda Qirg‘iz Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi hamkorligida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi davlatlari uchun iqlim o‘zgarishi va biologik xilma-xillik hisobini yuritish bo‘yicha mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligidan Sanoat statistikasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Begzod Yo‘ldoshev hamda Qishloq xo‘jaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi bosh mutaxassisi Nigoraxon Dehkаnova qatnashdi.


Tadbirda Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston davlatlarining statistika idoralari vakillari, shuningdek, BMTning Statistika bo‘limi, BMTning Osiyo va Tinch okeani Statistika instituti va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etishdi.

Anjuman ishtirokchilari Ekologik-iqtisodiy hisob tizimi (SEEA) bo‘yicha o‘z bilimlarini texnik mashqlar hamda chet el mamlakatlari tajribasi yordamida kengaytirish imkoniga ega bo‘lishdi.


Shuningdek, ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi va biologik xilma-xillikka tegishli hisoblar, shu jumladan, energiya hisobotlari, atmosferaga chiqarilayotgan zaharli moddalar, uglerod chiqindilari, ekotizim miqyosi va ekotizim xizmatlari bo‘yicha o‘zaro fikr-mulohaza almashishdi.



