Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi xodimlari joriy yilning 20–23- avgust kunlari Koreya Respublikasining Tedjon shahrida Koreya Respublikasining “Korea Statistics” idorasida boʻlib qaytishdi.

Mazkur tashrif davomida AKTni rivojlantirish hamda Axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash yoʻnalishlari boʻyicha Koreya statistika boshqarmasi (“Korea Statistics”) tajribasi oʻrganildi. Shuningdek, mazkur yoʻnalishlar yuzasidan “Korea Statistics” vakillari bilan bir qator uchrashuv va taqdimotlar oʻtkazildi.

Ushbu uchrashuvlar mobaynida Koreya milliy statistika tizimining umumiy tuzilishi va “Korea Statistics”ning faoliyati, kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, mikro maʼlumotlarga integrallashgan xizmat koʻrsatish markazi faoliyati, “Statistik maʼlumotlarni yigʻish tizimi“, “Maʼmuriy maʼlumotlarni boshqarish tizimi”, “KOSIS axborot tizimi”, “Tanlanma kuzatuvlarni oʻtkazish tizimi“ hamda “Aqlli maʼlumotlarni yigʻish” markazi faoliyati bilan tanishildi va oʻzaro tajriba almashinildi. Shu bilan birga Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan “Milliy statistika tizimini raqamli texnologiyalari asosida takomillashtirish holati va istiqbollari” mavzusida taqdimot qilindi.

Shuningdek, xizmat safari davomida Koreya Respublikasining elektron hukumat data markaziga (E-Government of Korea) tashrif buyurildi va uning faoliyati bilan tanishildi. Bundan tashqari, Koreya statistika boshqarmasi (“Korea Statistics”) tomonidan oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan aholini roʻyxatga olish tadbirlari uchun harid qilinadigan planshet qurilmalarining texnik jihatlarini aniqlash boʻyicha tajribalari bilan yaqindan tanishildi.

Uchrashuvlar yakunida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi va Koreya Respublikasining “Korea statistics” idorasi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada samarali davom ettirishga kelishib olindi.
Axborot xizmati


