Joriy yilning 13- fevral kuni Navoiy viloyati statistika boshqarmasi Axborot xizmati tomonidan “Statistikaning ijtimoiy hayotdagi o‘rni” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Mazkur matbuot anjumanida soha mutaxassislari, mahalliy jurnalistlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida statistikaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, uning ishonchli ma’lumot manbai sifatidagi ahamiyati, shuningdek, davlat boshqaruvi va ijtimoiy sohalarda statistik tahlillarning tutgan o‘rni haqida batafsil so‘z yuritildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozirgi kunda statistik ma’lumotlar nafaqat davlat boshqaruv organlari, balki tadbirkorlar, olimlar va keng jamoatchilik uchun ham juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, statistik ma’lumotlarning ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazilishi va uni tushunarli shaklda taqdim etish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Matbuot anjumani davomida respublikamizda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan aholini roʻyxatga olish tadbiri haqida ham batafsil toʻxtalib oʻtildi. Ishtirokchilarga roʻyxatga olishning tarixi va huquqiy-me’yoriy hujjatlarining mazmun-mohiyati keng yoritib berildi hamda ushbu jarayonning samarali tashkil etilishi jamiyatning barcha sohalariga ijobiy taʼsir koʻrsatishi taʼkidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan statistika sohasini yanada rivojlantirish, ma’lumotlar sifatini oshirish va aholining statistik ma’lumotlardan keng foydalanishiga yo‘l ochish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Bunday tadbirlarning muntazam tashkil etilishi, aholining statistikaga bo‘lgan qiziqishini oshirish va undan samarali foydalanishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.