Joriy yilning 14-may kuni BMT Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO)ning “Oʻzbekiston sanoat statistikasini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish” mavzusidagi xalqaro oʻquv-seminari boshlandi.

Tadbirda nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari, Milliy statistika qoʻmitasi markaziy apparati hamda hududiy statistika boshqarmalari masʼullari ishtirok etmoqda.

Seminarni Milliy statistika qoʻmitasi raisi oʻrinbosari A. Ikramov va UNIDO konsultanti Shyam Upadʼyaya ochib berdi. Shundan soʻng, Milliy statistika qoʻmitasi masʼullari tomonidan “Oʻzbekiston milliy statistika tizimi va sanoat statistikasi samaradorligini oshirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar natijalari va istiqbollari”, “Milliy statistika tizimida raqamli texnologiyalar”, “Statistik registrlarni yuritish va ularga tizimli xizmat koʻrsatish borasidagi islohotlar: erishilgan natijalar va kelgusidagi istiqbollar”, xalqaro ekspertlar tomonidan “Qozogʻiston Respublikasida statistik registrlar”, “Korxonalar demografiyasi, koʻrsatkichlar va tahlil” kabi mavzulardagi taqdimotlar namoyish etildi.

Seminar Oʻzbekiston sanoat statistikasini xalqaro mezonlar asosida uyg‘unlashtirish, maʼlumotlarning aniqligi va ishonchliligini oshirish, shuningdek, sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashishni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Oʻquv-seminari 16-maygacha davom etadi.


