Joriy yilning 14–16-may kunlari Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ziyayev Zohidjon Muratovich boshchiligidagi delegatsiya Chernogoriyaning Budva shahrida “Jadal o‘zgarib borayotgan dunyoda rasmiy statistika: rasmiy statistikaning samardorligi, o‘rni va tayyorligi” mavzusidagi yuqori darajadagi seminarda ishtirok etdi.

Yuqori darajadagi seminar Yevropa Ittifoqining statistika idorasi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Yevrostat rahbariyati va ekspertlari, Irlandiya, Niderlandiya, Sloveniya, Islandiya, Norvegiya, Moldova, Ukraina, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi.
3 kunlik seminarda dastlab, so‘nggi asosiy o‘zgarishlar borasida davlatlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.
O‘zbekiston vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-27-son Farmonida belgilangan asosiy vazifa va o‘zgarishlar bilan tanishtirishdi.
Seminar davomida rasmiy statistikada nima muhim ahamiyatga ega ekanligi, uni qanday baholash mumkinligi hamda Milliy statistika institutlari o‘zlarining statistik mahsulotlari va xizmatlarining ahamiyati qanday targ‘ib qilishi, soxta, noto‘g‘ri ma’lumotlar va axborot tartibsizligi davrida rasmiy statistikani tarqatish hamda rasmiy statistikaning ahamiyatini oshirish yo‘llari borasida taqdimotlar qilindi.
Shuningdek, rasmiy statistika uchun ma’lumot manbalaridan samarali foydalanish amaliyoti, rasmiy statistika uchun sun’iy intellekt va mashinali o‘rganish loyihasi hamda rasmiy statistikani rivojlantirish va transformatsiya qilishdagi Yevropa mamlakatlari tajribasi bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rtoqlashildi.
Yuqori darajadagi seminarning 1-sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining rasmiy statistikasi uchun yangi ma’lumot manbalarini joriy qilish: narxlar statistikasi misolida muqobil manbalardan samarali foydalanish” mavzusida taqdimot qilindi. Unda narx ma’lumotlarining kuzatuvlar orqali yig‘ilishi hamda qo‘shimcha tarzda muqobil manbalardan integratsiya va veb-skriping qilinishi misollar yordamida ko‘rsatildi.
Tashrif davomida Milliy statistika qo‘mitasi delegatsiyasi BMT YIK Statistika bo‘limining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy maslaxatchisi Tayeke Gyaltema bilan uchrashuv o‘tkazib, 2024-yilning iyun oyida o‘tkazilgan “O‘zbekiston milliy statistika tizimini global baholash” natijalarini muhokama qildi.
Shuningdek, BMT YIK Statistika bo‘limi ekspertlari ko‘magida 2025-yilning 23-26-iyun kunlari Milliy statistika tizimida sifatni boshqarish tizimlari (GSBPM, GSIM)ning joriy qilinishi holatini o‘rganish maqsadida baholashdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yevropa Ittifoqining statistika idorasi rahbari bilan uchrashilib, Yevrostat vakillarini O‘zbekistonda makroiqtisodiyot va tarmoqlar darajasida statistik kuzatuvlar o‘tkazish tizimini takomillashtirish, vazirlik va idoralar ma’lumotlar tizimlariga integratsiya qilish, rasmiy statistika ma’lumotlari qamrovi va sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Statistik registrlarni shakllantirish va joriy etish yuzasidan Qozog‘iston, Norvegiya va Moldova statistika organlari bilan yaqindan aloqa o‘rnatishda ko‘maklashishga kelishib olindi.
Moldova Milliy statistika byurosi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekiston milliy statistika tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha fikr almashildi va ikki idora o‘rtasida tajriba almashish yo‘nalishlari kelishib olindi.
Xususan, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, milliy hisoblar va xizmatlar statistikasi sohasida Moldovaning ilg‘or tajribasi va amaliyotini o‘rganish maqsadida hamkorlik va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish masalalarini va tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.
Norvegiya statistika idorasi vakillari bilan uchrashuvda Milliy statistika qo‘mitasining takshil etilganligi, vazirlik va idoralar axborot bazalari bila integratsiya jarayonlari, statistik hisobotlardan tanlanma kuzatuvlar va ma’muriy ma’lumotlardan foydalanishga o‘tilayotganligi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Milliy statistika qo‘mitasining axborot kommunikatsiya strategiyasini ishlab chiqishda Norvegiya tajribasini o‘rganish yuzasidan ikki tomon mutaxassisilari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.


