2025-yilning 9-13-iyun kunlari Milliy statistika qoʻmitasida Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ)ning Kavkaz, Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston davlatlari uchun Salohiyatni rivojlantirish markazi Real sektor masalalari boʻyicha maslahatchisi Levan Gogoberishvili boshchiligida Milliy hisoblar statistikasi boʻyicha texnik koʻmak missiyasi bo‘lib o‘tdi.

Missiyaning asosiy maqsadi iqtisodiyot tarmoqlari kesimida diskret koʻrsatkichlarni shakllantirish boʻyicha xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda mazkur koʻrsatkichlarni shakllantirishda kerak bo‘ladigan ma’lumotlar manbalarini takomillashtirish usullarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Shu bilan birga, mazkur missiya davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yilning 24-fevraldagi PQ-75-son qarori bilan tasdiqlangan Rasmiy statistika sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, institutsional sektorlar hisoblari, davlat sektori koʻrsatkichlarini shakllantirish, kuzatilmaydigan iqtisodiyotni statistik baholashni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Missiya ishtirokchilari XVJ ekspertiga oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat qildilar va koʻrsatkichlar hisob-kitoblarini takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalarni oldilar.