Joriy yilning 24-iyun kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan “Statistika” yoʻnalishida tahsil oluvchi talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Unda Milliy statistika qoʻmitasi raisi boshchiligidagi markaziy apparat masʼul xodimlari va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati, professor oʻqituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuvda Milliy statistika qoʻmitasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumini imzolandi.

Memorandum doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli farmoniga muvofiq qoʻmita huzurida Iqtisodiy statistika kafedrasi filialini tashkil etish, talabalar uchun malakaviy amaliyotlarni samarali oʻtkazish, “Eng yaxshi statistik” tanlovi va stipendiyalar joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda amalga oshirish, professor-oʻqituvchilarni xorij tajribasi asosida stajirovkaga yuborish, innovatsion mahsulotlar yaratish va ularni amaliyotga joriy etish kabi yoʻnalishlar belgilangan.

Shuningdek, statistika sohasida kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan “Statistika ilmiy-amaliy laboratoriyasi”ni yanada takomillashtirishga kelishib olindi.

Tadbir soʻngida Milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha eng yaxshi takliflarni bergan talaba va oʻqituvchilar hamda Moskva shahrida oʻtkazilgan statistika boʻyicha III xalqaro talabalar olimpiadasi yakkalik bahslarida 2-oʻrinni egallagan 2-kurs talabasi Usmonova Madina Botir qizi Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.



