Joriy yilning yil 30-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Rasmiy statistika sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi konseptual jihatdan koʻrib chiqildi. 0

Mazkur qonun loyihasi dastlab siyosiy partiyalar fraksiyalarining yigʻilishlarida muhokama qilinib, qoʻllab-quvvatlandi. Shundan soʻng, Qonunchilik palatasi majlisida loyiha Milliy statistika qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Z. Ziyayev tomonidan deputatlar eʼtiboriga havola etildi.

Qonun loyihasida 1 ta kodeks va 7 ta qonunga oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar kiritilishi nazarda tutilgan. Hujjat rasmiy statistika sohasida amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, statistika organlari faoliyatini takomillashtirish va rasmiy statistikadan foydalanuvchilar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Majlis yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda maʼqullandi.