Joriy yilning 16-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi tomonidan “Rasmiy statistika sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan seminar tashkil etildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Milliy statistika qoʻmitasi vakillari, ekspertlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda Milliy statistika qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Z. Ziyayev tizimda amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar haqida taqdimot qildi.

Unda taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda statistik maʼlumotlar sifatini yanada yaxshilash, koʻrsatkichlarning toʻlaqonli maʼlumot bazalarini yaratish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik sohalarda statistikaning zamonaviy usullarini joriy etish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Seminarda “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinishi hamda milliy statistika tizimining rasmiy statistikaning asosiy prinsiplariga tayangan holda xalqaro tashkilotlarga maʼlumotlarni taqdim etib borilishi natijasida xalqaro darajada bir qator yutuqlarga erishilganligi taʼkidlandi.
Jumladan, Oʻzbekiston ochiq maʼlumotlar boʻyicha xalqaro “Open Data Inventory” (ODIN) reytingida 2024-yil natijalariga koʻra, 198 ta mamlakat orasida 12-oʻringa koʻtarilib, Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni saqlab kelmoqda. Shuningdek, Jahon bankining 2024-yilda eʼlon qilingan “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi” (CPI)da 2023-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston 217 mamlakat orasida 62-oʻrinni egallagan.

Qayd etilganidek, rasmiy statistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash, sohaga oid qonun hujjatlarining normalarini oʻzaro muvofiqlashtirish maqsadida “Rasmiy statistika sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Mazkur hujjat Qonunchilik palatasining 2025-yil 1-iyul kuni boʻlib oʻtgan majlisida birinchi oʻqishda qabul qilingan edi.
Seminarda qonun loyihasi bilan bir qator qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilayotgani, belgilanayotgan normalar rasmiy statistika sohasida maʼmuriy islohotlarni samarali amalga oshirish doirasida statistika organlarining faoliyatini takomillashtirish hamda rasmiy statistikadan foydalanuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgani taʼkidlandi.

Tadbir davomida qonun loyihasi yuzasidan berilgan savollarga qoʻmita vakillari tomonidan atroflicha javob berildi.


