O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YeXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Xalqaro Ochiq ma’lumotlar hartiyasi (Open Data Charter – ODC) hamkorligida Toshkent viloyatida ochiq ma’lumotlar bo‘yicha ikki kunlik seminar-trening tashkil etildi.

i

Mazkur seminarda ODC eksperti, shuningdek, respublika miqyosidagi vazirlik va idoralarning ma’muriy ma’lumotlar bilan ishlovchi mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Tadbir doirasida axborot resurslarini shakllantirish, saqlash va ulardan foydalanishdagi zamonaviy tamoyillar, ma’lumotlar sifati, aniqligi hamda ularning muvofiqligiga oid masalalar muhokama qilindi.

p

Seminar-treningda mamlakatimizda mavjud ma’muriy ma’lumotlar bazalari, ularning shakllanishi va dolzarbligi, ma’lumotlar siyosatini belgilovchi asosiy yo‘nalishlar, mavjud infratuzilma, mavjud bo‘lgan ochiq ma’lumotlar to‘plamlari hamda ularning foydalanuvchilar uchun ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Alohida blok (geofazoviy) ma’lumotlarga bag‘ishlandi. Ishtirokchilarga geofazoviy ma’lumotlar tushunchasi, ularning turlari (kartografik materiallar, koordinata ma’lumotlari), shuningdek, bunday ma’lumotlarni ochiq statistik ma’lumotlar bilan integratsiya qilish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, ma’muriy ma’lumotlarning statistik tizimdagi o‘rni, ularning ahamiyati va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha real misollar asosida tahlillar o‘tkazildi. Qatnashuvchilar o‘z ish faoliyatida bu ma’lumotlar bilan qanday ishlashlari mumkinligi yuzasidan amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashdi.

p

Tadbirning ikkinchi kunida ochiq ma’lumotlar bo‘yicha xalqaro tajribalar, xususan, Yevropa, Osiyo mamlakatlari hamda BMT tizimi doirasida gender statistikasi va foydalanuvchi ehtiyojlariga asoslangan ma’lumotlar tahlili borasidagi ilg‘or yondashuvlar taqdim etildi. Fuqarolar ishtirokini ta’minlash hamda xalqaro andozalarni mahalliy amaliyotga moslashtirish masalalari yuzasidan interaktiv muhokamalar tashkil etildi.

Sessiya davomida ishtirokchilar uchun interaktiv muhokamalar tashkil etilib, xalqaro andozalarni mahalliy kontekstga qanday tatbiq etish mumkinligi muhokama qilindi.