29/10/2020

2020- yil 26–27 oktabr kunlari Shveytsariyaning Jeneva shahrida Atrof-muhit statistikasi va ko'rsatkichlari bo'yicha qo‘shma ishchi guruhning 17-sessiyasi va Atrof-muhitni monitoring qilish hamda baholash bo‘yicha ishchi guruhininig 22-sessiyasi tashkil qilindi.

Onlayn ravishda tashkil etilgan ushbu tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasidan Qishloq xo‘jaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Sh.G‘ulomov hamda bosh mutaxassis A.Gafurova qatnashdi.

Sessiyalarda Albaniya, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Moldova, Tojikiston, Ukraina, Shimoliy Makedoniya hamda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE)ga a’zo boshqa davlatlar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, mazkur onlayn tadbirni xorijlik atrof-muhit bo‘yicha yetakchi mutaxassislar, statistika idoralari vakillari, atrof-muhit masalalari bilan shug‘ullanuvchi ekspertlar kuzatib borishdi.

17- sessiyada "Janubiy–Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarida 2030- yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni qo‘llab-quvvatlash uchun atrof-muhit monitoringi va baholashni takomillashtirish" loyihasi doirasidagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi. Mavjud imkoniyatlarni mustahkamlash bo‘yicha qator tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Sessiya davomida ekologik ko‘rsatkichlarni qo‘llash bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilgan qo‘llanmalar muhokama qilinib, ayrim ko‘rsatkichlarni, masalan, iqlim o‘zgarishi va boshqa ko‘rsatkichlarni almashtirish yoki qo‘shimcha kiritish zaruriyatiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.

22- sessiyada mavjud ekologik ko'rsatkichlar va ularning onlayn rejimida mavjudligi muhokama etildi. Atrof-muhit monitoringi va baholash bo'yicha ishchi guruhining ish faoliyati taqdimot qilindi. Ekologik axborot umumiy tizimining sharqiy mintaqadagi tamoyili va amaliyoti hamda Ishchi guruh tomonidan 2021- yilda o'tkaziladigan tadbirlar jadvali ko'rib chiqildi.

Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech