2025-yil 18-sentabr kuni Milliy statistika qo‘mitasi hamda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ziyayev Zohidjon Muratovich, Ijtimoiy soha statistikasi boshqarmasining mas’ullari hamda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori vazifasini bajaruvchi Risyukova Yuliya Vasilevna boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.

Uchrashuv doirasida ta’lim sohasida statistik ma’lumotlarni shaffof va adolatli yig‘ish, ularni yagona axborot maydonida integratsiya qilish hamda xalqaro standartlarga moslashtirish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, yaratiladigan Yagona ta’lim statistikasi axborot tizimi ta’lim sohasidagi barcha ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va jamoatchilikka taqdim etish imkonini kengaytiradi. Bu esa ta’lim tizimida samaradorlikni oshirish, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi holatini kuzatib borish, ta’lim sohasidagi moliyaviy xarajatlarni monitoring qilish hamda innovatsion tahlillarni amalga oshirishda muhim qadam bo‘ladi.
Memorandum doirasida tomonlar o‘zaro hamkorlikda milliy ta’lim statistikasini takomillashtirish, ma’lumotlarni verifikatsiya qilish va sun’iy intellekt asosida tahlillar o‘tkazishda birgalikda ish olib borishga kelishib olindi.


