Joriy yilning 29-sentabr – 10-oktabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasida Jahon bankining “Statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi” (SRMS)ni tayyorlash boʻyicha texnik yordam missiyasi faoliyat olib bordi.

Mazkur tashrif doirasida Jahon banki ekspertlari Milliy statistika qoʻmitasi hamda vazirlik va idoralar vakillari bilan bir qator uchrashuv va muhokamalar oʻtkazdilar. Uchrashuvlarda maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va tarqatish jarayonlari, 2026–2030-yillarga moʻljallangan SRMSning ustuvor yoʻnalishlari, Milliy statistika qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi, roli va masʼuliyati, shuningdek makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni ishlab chiqarishda mavjud muammolar va toʻsiqlar muhokama qilindi.

Shuningdek, missiya doirasida statistik maʼlumotlarning sifatini taʼminlash va tekshirish amaliyoti, axborot texnologiyalaridan foydalanish, davlat organlarining statistik ehtiyojlari va maʼlumotlar almashinuvi mexanizmlari boʻyicha vazirlik va idoralar bilan muloqotlar tashkil etildi.
Tashrif doirasida missiya ishtirokchilari Namangan viloyati statistika boshqarmasi faoliyati bilan ham tanishdilar hamda mahalliy darajada statistik maʼlumotlarni shakllantirish va tahlil qilish jarayonlarini oʻrgandilar. Shuningdek, BMTning Taraqqiyot Dasturi (UNDP), Bolalar Tashkiloti (UNICEF), Aholishunoslik Fondi (UNFPA), Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Osiyo Taraqqiyot Banki (ADB) va Xalqaro Valyuta Jamgʻarmasi (IMF) kabi xalqaro tashkilotlar vakillari bilan ham samarali uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Missiya yakunida Jahon banki mutaxassislari va Milliy statistika qoʻmitasi rahbariyati oʻrtasida yakuniy uchrashuv oʻtkazilib, statistik tizimni yanada rivojlantirish boʻyicha tavsiya va takliflar muhokama qilindi.


