Joriy yilning 17-noyabr kuni Toshkent shahrida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish, yalpi ichki mahsulotni qayta hisob-kitob qilish natijalari, inflyatsiya metodologiyasini xalqaro standartlarga moslashtirish hamda milliy statistika tizimini transformatsiya qilish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan “Milliy statistikada yangi bosqich: shaffoflik va xalqaro standartlar sari” mavzusida amaliy konferensiya va matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ), BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Xalqaro migratsiya tashkiloti, vazirlik va idoralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Konferensiyaning birinchi qismida mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ishlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Zohidjon Ziyayev, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Jovdatxon Inagamov, Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Endryu Grey, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov, UNFPA O‘zbekistondagi vakolatxonasining aholishunoslik bo‘yicha eksperti Azam Toshpulatov va Jahon banki Bosh statistigi o‘rinbosari Olive Dyupriye (onlayn) tomonidan aholini ro‘yxatga olishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, xalqaro tajriba va aniqlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Ro‘yxatga olish jarayonidagi tashkiliy ishlar, ma’lumotlarni qabul qilish va qayta ishlashni raqamlashtirish, aholini qamrab olishning samarali mexanizmlari haqida taklif va tavsiyalar bildirildi.

Matbuot anjumanida yangi aniqlangan hajmlarni aks ettirish maqsadida yalpi ichki mahsulotni qayta hisoblash natijalari taqdim etildi. Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev, Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul xodimi Abdumalik Jalilov, Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi Umarjon Obidov va Xalqaro valyuta jamg‘armasi eksperti Levan Gogoberishvili (onlayn tarzda) tomonidan qayta hisoblash jarayonlari, ma’lumotlar manbalari integratsiyasi hamda iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha aniqlik kiritish amaliyoti batafsil tushuntirib berildi. Xalqaro amaliyot asosida amalga oshirilgan ushbu jarayon YAIMni hisoblashdagi aniqlik, shaffoflik va ishonchlilikni kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchinchi sessiya inflyatsiyani hisoblash uslubiyotini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Rustem Maxammadiyev, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov va Milliy statistika qo‘mitasi Narxlar statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Muhriddin Abdullayev iste’mol narxlari indeksini shakllantirishda xalqaro standartlarga o‘tish, kuzatuv obyektlari sonini oshirish, narxlar monitoringida raqamli manbalardan foydalanish va hisoblash formulalarini yangilash bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Mutaxassislar inflyatsiya ko‘rsatkichlarining aholi farovonligi va iqtisodiy siyosat uchun ahamiyatini inobatga olgan holda metodologiyani yangilash muhimligini qayd etdilar.

Konferensiya davomida milliy statistika tizimini transformatsiya qilish istiqbollariga oid masalalar ham muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati Odiljon Mamadaliyev, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti direktori Shuhrat Shukurov, Milliy statistika qo‘mitasi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Noipov va Jahon banki Bosh statistigining o‘rinbosari Olive Dyupriye tomonidan tizimni raqamlashtirish, ma’lumotlar sifatini oshirish, global statistik innovatsiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yondashuvlar bo‘yicha taqdimot qilindi. Muhokamalarda milliy statistika tizimini isloh qilishda statistik ma’lumotlarning ochiqligi va aholining statistikaga ishonchini oshirish muhim ustuvor vazifalar ekani ta’kidlandi.

Tadbir yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar tomonidan milliy statistika tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim omil ekani, statistik ma’lumotlarning sifatini oshirish esa manzilli va to‘g‘ri qarorlar qabul qilinishiga muhim asos bo‘lishi alohida qayd etildi.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob berishdi.

7

Amaliy konferensiya milliy statistika tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar va amaliy tavsiyalar bilan o‘z ishini yakunladi.