Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 3- avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4796-son qarorida O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida – rasmiy statistikani ishlab chiqarish, tarqatish va muvofiqlashtirish maqsadida mamlakatning butun milliy statistika tizimi doirasida qo‘llaniladigan uslubiy asoslar va boshqaruv tamoyillarini takomillashtirish belgilangan.
Shunga ko‘ra, mazkur qaror bilan Davlat statistika qo‘mitasiga mamlakatdagi boshqa rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilarning statistika metodologiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan auditdan o‘tkazish huquqi berilgan.
Ushbu qaror ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 6- noyabrdagi 690-son qarori bilan rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilarning statistika metodologiyalarini auditdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizomga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan statistika dasturlariga kiritilgan rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilarda statistika metodologiyalari har besh yilda kamida bir marta auditdan o‘tkazib boriladi.
Statistika metodologiyalarini auditdan o‘tkazish Davlat statistika qo‘mitasida tashkil etiladigan audit guruhi tomonidan alohida reja-jadvalga asosan amalga oshiriladi.
Zarur hollarda, auditda ishtirok etish uchun xalqaro ekspertlar, ilmiy jamoatchilik vakillari va boshqa rasmiy statistika ishlab chiqaruvchilarning malakali mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
Audit, olingan hujjatlar hamda axborotlarni xalqaro va milliy standartlarga muvofiq kelishi yoki kelmasligini aniqlash uchun ularni xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan metodologik hujjatlar va tavsiyalar bilan solishtirish yo‘li bilan tashkil etiladi.
Quyidagilar auditning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- foydalanilayotgan statistika metodologiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan baholash;
- ishlab chiqarilayotgan va e'lon qilinayotgan statistik ma'lumotlarning foydalanilayotgan statistika metodologiyalariga mosligini aniqlash;
- aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga, statistika metodologiyalarini va statistik ma'lumotlarni ishlab chiqarish faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqish.
Audit natijalariga ko‘ra, statistika metodologiyalarida xalqaro standartlarga muvofiqlik yuzasidan kamchiliklar aniqlangan hollarda, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqaruvchiga mazkur kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritiladi.
Audit o‘tkazilgan ishlab chiqaruvchi taqdimnomada ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi yoki “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqadi, ularning bajarilishini tashkil etadi va bu haqda belgilangan muddatlarda Davlat statistika qo‘mitasiga ma'lumotlarni taqdim etib boradi.
Statistika metodologiyalarini auditdan o‘tkazish natijalari va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan choralar Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Statistika kengashi yig‘ilishlarida muhokama etib boriladi.
Rasmiy statistika sohasida foydalanilayotgan statistika metodologiyalarini auditdan o‘tkazib borilishi natijasida, mamlakatning butun milliy statistika tizimi doirasida qo‘llaniladigan uslubiy asoslarni takomillashtirish hamda ularni xalqaro standartlarga moslashtirishga erishiladi, pirovardida rasmiy statistikaning sifatliligi, ishonchliligi, shaffofligi va oshkoraligi ta'minlanadi.
Axborot xizmati


