2025-yil 24–27-noyabr kunlari Milliy statistika qoʻmitasi Oʻzbekistonda statistika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va amalga oshirilayotgan “Statistika sohasida kadrlar salohiyatini oshirish” loyihasi boʻyicha oʻzaro muloqotni davom ettirish maqsadida Koreya Ma’lumotlar va statistika vazirligi (MODS) vakillarini qabul qildi.

Oʻzbekiston va Janubiy Koreya statistika idoralari oʻrtasidagi hamkorlik 2011-yil 24-avgust kuni Toshkent shahrida Milliy statistika qoʻmitasi va MODS oʻrtasida imzolangan statistika sohasida oʻzaro anglashuv toʻgʻrisidagi memorandumdan boshlab izchil rivojlanib kelmoqda. 2023-yil 15–19-may kunlari MODS delegatsiyasining tashrifi chogʻida esa Milliy statistika qoʻmitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti, MODS statistika tadqiqotlari instituti hamda Statistika trening instituti oʻrtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangan.

Toshkentda boʻlib oʻtgan navbatdagi uchrashuvning asosiy maqsadi Koreya Respublikasining “Taraqqiyotga rasmiy koʻmak” granti doirasida moliyalashtirilayotgan “Statistika sohasida kadrlar salohiyatini oshirish” loyihasi boʻyicha 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan sarhisob qilishdan iborat boʻldi. Loyiha doirasida Milliy statistika qoʻmitasining qator xodimlari Koreya va Oʻzbekistonda oʻtkazilgan oʻquv-seminarlarda ishtirok etib, oʻz malakalarini oshirishdi. Shuningdek, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutida zamonaviy texnika bilan jihozlangan yangi kompyuter-oʻquv xonasi foydalanishga topshirildi.

Tomonlar, shuningdek, 2025–2028-yillarda amalga oshiriladigan vazifalarni oʻz ichiga olgan “Master plan” hujjatini ishlab chiqib, uning asosiy yoʻnalishlarini kelishib oldilar.
Uchrashuv davomida Milliy statistika qoʻmitasi va institut mutaxassislari MODS vakillari bilan loyihani amalga oshirishning joriy holati, keyingi bosqichdagi vazifalar va istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qildi.


