Joriy yilning 10-noyabr kuni YeXHT Iqtisodiy va ekologik faoliyat koordinatori byurosi tashabbusi bilan "Ochiq ma'lumotlar va yangi raqamli texnologiyalardan foydalanish orqali YeXHT mintaqasida korrupsiyaga qarshi kurashni to'g'ri boshqarish va kuchaytirishga ko'maklashish" byudjetdan tashqari loyihasi doirasida vebinar tashkil etildi.


Tadbir "Ma'lumotlarni monitoring va tahlil qilish hamda ulardan foydalanishda shaffoflikni oshirish" mavzusida o'tkazildi.
Vebinarda Sharqiy, Janubiy-Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Qatnashchilar ochiq ma'lumotlarning roli, fuqarolar va jamiyatning ehtiyojlariga asoslangan faktlar asosida qaror qabul qilish imkoniyatlari masalasida mulohaza yuritdi.


Shuningdek, vebinar davomida tarmoq, milliy yoki mahalliy boshqaruv islohotlariga ta'sir ko'rsatish va monitoring qilish uchun ochiq ma'lumotlarning qanday qo'llanilishi yuzasidan fikr almashildi.
Ishtirokchilar ochiq ma'lumotlarni monitoring qilish, tahlil qilish va ulardan foydalanishning samarali usullari, shuningdek, Markaziy Osiyo, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa mamlakatlariga potentsial ta'sir ko'rsatish haqida so'z yuritdi.

Onlayn seminarda O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi Ochiq ma'lumotlar portali faoliyatini monitoring qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari ham ishtirok etdi.
Axborot xizmati


