Joriy yilning 15–18-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT Park) hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlar uchun o‘quv-treninglar tashkil etildi.
O‘quv-treninglar doirasida mamlakatimizda davlat organlari faoliyatining ochiqligini oshirish hamda ochiq ma’lumotlar ekotizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining:
-
2019-yil 9-apreldagi PQ-4273-son “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistik salohiyatini oshirish to‘g‘risida”gi qarori,
-
2022-yil 14-iyundagi PF-154-son “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni,
-
2025-yil 19-sentyabrdagi PF-173-son “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni,
-
shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 808-son “O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Treninglar davomida ochiq ma’lumotlar tushunchasi, mashinada o‘qiladigan formatlar, ochiq ma’lumotlar portallari, “Ochiqlik indeksi”, shuningdek, mamlakatimizda ochiq ma’lumotlar sohasida so‘nggi yillarda erishilgan natijalar va mavjud muammolar muhokama qilindi.
O‘quv-treninglarda 133 ta vazirlik va idoradan ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan 350 nafardan ziyod vakillar ishtirok etdi.
Tadbir yakunida ochiq ma’lumotlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha bunday o‘quv-treninglarni kelgusida ham muntazam ravishda o‘tkazib borish, shuningdek, xodimlarning ochiq ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha malakalari va ko‘nikmalarini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.


