2026-yilning 14-yanvar kuni Milliy statistika qoʻmitasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbiri yuzasidan ommaviy axborot vositalari uchun brifing tashkil etildi. Unda Milliy statistika qoʻmitasi raisi Behzod Hamrayev roʻyxatga olish tadbiri boshlanishi munosabati bilan tadbirning mazmun-mohiyati, ahamiyati, tayyorgarlik ishlari, onlayn roʻyxatdan oʻtish tartibi, ushbu maqsadda joriy etilgan maxsus axborot tizimi va boshqa muhim mavzular yuzasidan maʼlumot berdi.

p

Brifingda taʼkidlanganidek, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan keng qamrovli statistik tadbir hisoblanadi. Ushbu jarayon orqali aholi soni va tarkibi, yashash sharoiti, mehnat resurslari hamda qishloq xoʻjaligi sohasining real holati boʻyicha aniq va ishonchli maʼlumotlar shakllantiriladi. Olingan maʼlumotlar kelgusida davlat dasturlari, hududlarni rivojlantirish rejalari va manzilli ijtimoiy qarorlarni ishlab chiqishda asos boʻlib xizmat qiladi.

p

Roʻyxatga olish tadbiri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi PF–173-sonli Farmoniga muvofiq amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjatga asosan jarayon “mahalla yettiligi” tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarni jalb etgan holda tashkil etilmoqda. Maʼlum qilinishicha, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish ikki bosqichda oʻtkaziladi. Birinchi bosqichda, 2026-yilning 15–31-yanvar kunlari fuqarolar maxsus internet portali orqali onlayn roʻyxatdan oʻtadilar. Ushbu usulning qulayligi va tezkorligini inobatga olgan holda barcha fuqarolarga aynan shu tarzda roʻyxatdan oʻtish tavsiya etiladi. Roʻyxatga olish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish maqsadida maxsus axborot tizimi — census.stat.uz ishlab chiqilgan boʻlib, u veb-platforma va mobil versiyalarni oʻz ichiga oladi. Ikkinchi bosqichda esa 4–28-fevral kunlari “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari tomonidan uyma-uy yurib, savolnomalar planshet qurilmalari orqali toʻldiriladi.

p

Roʻyxatga olish tadbirini samarali tashkil etish maqsadida respublika, viloyat va tuman-shaharlar darajasida jami 223 ta shtab faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu jarayonga jalb etilgan “mahalla yettiligi” tizimidagi 55 mingdan ortiq xodimlar bosqichma-bosqich oʻqitilib, ularning malakasi oshirildi.

p

Tayyorgarlik ishlari doirasida 2025-yil dekabr oyida respublika boʻyicha 7 milliondan ortiq turar joy obyektlarining GPS koordinatalari aniqlandi. Shuningdek, Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan roʻyxatga olish jarayonlarini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini beruvchi maxsus monitoring dashbordlari ishlab chiqildi.

p

Axborot tizimining barqaror ishlashi uchun zarur server quvvatlari ajratilgan, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha tegishli choralar koʻrilgan. Fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan barcha maʼlumotlar qonunchilik talablariga muvofiq himoya qilinadi, shaxsiy maʼlumotlar maxfiy saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda qoʻllaniladi. Ushbu maʼlumotlar soliq, huquqni muhofaza qiluvchi yoki boshqa nazorat organlariga berilmaydi.

p

Tadbirga oid umumiy tushuntirishlar, multiplikatsion roliklar, savolnomalarni toʻldirish boʻyicha videoqoʻllanmalar, firibgarlik holatlaridan ogohlantiruvchi materiallar, OneID orqali roʻyxatdan oʻtish tartibi hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan jami 10 ga yaqin videoroliklar ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Hozirga qadar markaziy telekanallar va internet nashrlarida 300 dan ortiq, hududiy OAVda esa 6 mingdan ziyod targʻibot materiallari eʼlon qilindi. Aholi gavjum joylarda 400 ga yaqin yirik bannerlar, 23 mingdan ziyod plakatlar oʻrnatildi, 300 dan ortiq LED monitorlarda targʻibot roliklari muntazam namoyish etilmoqda. Jumladan, birgina Toshkent shahrida metro va avtobuslar uchun 7 mingdan ortiq plakatlar joylashtirildi.

p

Roʻyxatga olish jarayonida fuqarolardan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha maʼlumotlar yigʻiladi:

Aholi boʻyicha: aholi soni va tarkibi (yosh, jins), oilaviy holat, taʼlim darajasi, bandlik va mehnat faoliyati, yashash joyi va uy-joy sharoiti, ijtimoiy ahvolga oid umumiy koʻrsatkichlar.

Qishloq xoʻjaligi boʻyicha: yer maydonlari, ekin turlari va hosil yoʻnalishlari, chorva mollari soni va tarkibi, fermer va dehqon xoʻjaliklari faoliyati, qishloq xoʻjaligi texnikasi va resurslari.

p

Roʻyxatga olishning dastlabki natijalari 2026-yil 1-iyul sanasiga qadar, yakuniy maʼlumotlar esa 2027-yil 1-iyul sanasiga qadar eʼlon qilinadi. Roʻyxatga olish natijalari mamlakat boʻyicha aniq, toʻliq va ishonchli statistik bazani shakllantirib, davlat siyosatini rejalashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni ishlab chiqish, taʼlim, sogʻliqni saqlash, infratuzilma va mehnat bozoriga oid qarorlarni qabul qilish, hududlarni rivojlantirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni belgilash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

p

Shu munosabat bilan barcha fuqarolar aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirida faol ishtirok etishga chorlanadi. Chunki ushbu tadbir har bir fuqaro va jamiyat kelajagi uchun muhim strategik ahamiyatga ega.