O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 24 fevraldagi PF-27-son Farmoniga muvofiq, xodimlar soni yillik o’rtacha 5 kishidan kam bo’lgan va (yoki) yillik tushumi bazaviy hisoblash miqdorining 2 000 barobarigacha bo’lgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yillik statistika hisobotini topshirish majburiyati bekor qilinib, ularning har uch yilda bir marotaba statistik hisobot topshirishlari belgilangan.
Milliy statistika qo’mitasi tomonidan tasdiqlanib, Adliya vazirligida davlat ro’yxatidan o’tkazilgan 1 korxona hisobot shaklining titul qismida ham ushbu tartib aniq belgilab qo’yilgan.
Shunga ko’ra, 2025 yil uchun 1 korxona yillik statistika hisobotini taqdim etuvchi yuridik shaxslar, shu jumladan mikrofirma va kichik korxonalarning dastlabki ro’yxati ma’muriy ma’lumotlar asosida shakllantirilib, Milliy statistika qo’mitasi rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.
Mazkur ro’yxatga kelgusida tegishli yakuniy ma’muriy ma’lumotlar asosida qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritilib, bu haqda respondentlar to’liq xabardor qilinadi .
Milliy statistika qo’mitasi, Sizlardan 1 korxona statistika hisobotini quyidagi muddatlardan kechiktirmay taqdim etishingizni so’raydi:
korxona buxgalteriya hisobi – Buxgalteriya hisobining milliy standarti bo’yicha yuritadigan korxonalar uchun (BHMS) 1 apreldan kechiktirmay;
korxona buxgalteriya hisobi – Moliyaviy hisobning xalqaro standarti bo’yicha yuritadigan korxonalar uchun (MHXS) 5 maydan kechiktirmay.
Hurmatli respondentlar, Sizning hisobotingiz yurtimiz taraqqiyoti darajasini baholash uchun muhim manba hisoblanadi!
Milliy statistika qo’mitasi


