Aholini ro‘yxatga olish savolnomasi shakllari va ularni to‘ldirish yo‘riqnomasini dastlabki sinovdan o‘tkazish maqsadida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi “Usmonobod” mahallasida kuzatuv o‘tkazish ishlari boshlandi.
Joriy yilning 27- noyabr kuniga qadar davom etadigan mazkur kuzatuvda Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati hamda Toshkent viloyati statistika boshqarmasining 20 nafar xodimi ishtirok etmoqda.
BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ushbu tadbir jarayonida aholini ro‘yxatga olish savolnomalarini to‘ldirishga sarflanadigan vaqt va savollarning aholiga mazmunan tushunarliligi o‘rganiladi.
Shuningdek, fuqarolarga aholini ro‘yxatga olish tadbirining mazmun-mohiyati hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarini ishlab chiqishdagi ahamiyati xususida tushunchalar beriladi.
Kuzatuv natijalaridan kelib chiqib, 2021- yilda o‘tkaziladigan sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish jarayonlarini maqbullashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Mazkur kuzatuvlar pandemiya sharoitida o‘tkazilayotgani sababli aholiga tibbiy niqoblar va antiseptik vositalari ham tarqatilmoqda.
Axborot xizmati







