Joriy yilning 24- noyabr kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) hamda Islom davlatlari uchun statistik, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar va o'qitish markazi (SESTRIK) tomonidan "Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligini oshirish: oziq-ovqat balansini ko'rib chiqish" mavzusida vebinar tashkil etildi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi Qishloq xo'jaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi mas'ul xodimlari ham ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirni xalqaro ekspertlar kuzatib borishdi.
Vebinarda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning oziq-ovqat balansi bo'yicha tajribasi taqdim etildi. FAOning oziq-ovqat balansi mutaxassislari oziq-ovqat balansining barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog'liqligi to'g'risida yangi metodologiya va taqdimotlarni namoyish qildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning statistik salohiyatini mustahkamlash va tajribasini oshirish, xususan, oziq-ovqat balansini ko'rib chiqish yuzasidan fikr-mulohaza almashdi.
Axborot xizmati





