Milliy statistika qoʻmitasida texnik koʻmak doirasida Kavkaz, Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston uchun salohiyatni rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy markaz missiyasi bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Uchrashuvlarda mintaqaviy markazning real sektor statistikasi boʻyicha maslahatchisi Levan Gogoberishvili, Milliy statistika qoʻmitasi rahbariyati, Milliy hisoblar boshqarmasi masʼul xodimlari hamda boshqa mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tashrif doirasida milliy hisoblar statistikasini takomillashtirish, Milliy hisoblar tizimi 2025 (MHT–2025) oʻzgarishlarini amaliyotga joriy etish strategiyasini ishlab chiqish, kuzatilmaydigan iqtisodiyotni baholash usullarini yaxshilash hamda milliy hisoblar koʻrsatkichlarini shakllantirish sifatini oshirish masalalari muhokama qilinmoqda.


Shuningdek, uchrashuvlar davomida statistik hisobot shakllariga kiritilgan oʻzgarishlar, oraliq isteʼmol ulushini hisoblash, diskret vaqt qatorlarini shakllantirish, davlat sektorining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini baholash va YAIMni hisoblashning uslubiy yondashuvlari yuzasidan fikr almashilmoqda.
Mazkur uchrashuvlar milliy hisoblar statistikasini xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirish, maʼlumotlar sifatini oshirish va zamonaviy metodologik yondashuvlarni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi.
Uchrashuvlar joriy yilning 17-may kuniga qadar davom etadi.


