Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning iyul oyida isteʼmol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari oʻrtacha 0,1 foizga pasayishi kuzatildi.

Yillik isteʼmol narxlari indeksi (INI) 106,4 % ni tashkil etib, oʻtgan yilning shu oyiga (2025-yil iyul — 108,9 %) nisbatan 2,5 foiz bandga pasaydi.

Iyul oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻrtacha 0,91 % ga pasayib, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 % ga hamda aholiga koʻrsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,5 % ga qimmatlashgani kuzatilgan.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan sabzi (12,6 %), uzun boshoqli guruch (6,4 %), yumaloq boshoqli guruch (6,1 %), mosh (4,2 %), piyoz (1,7 %) narxlarining oshishi inflyatsiyaga taʼsir koʻrsatdi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan inflyatsiyani pasaytiruvchi omil sifatida baqlajon (-42,8 %), bulgʻor qalampiri (-39,4 %), pomidor (-24,0 %), tarvuz (-20,3 %), kartoshka (-18,0 %), qovun (-14,5 %), shaftoli (-10,6 %), bodring (-10,6 %), sarimsoq (-10,0 %), nok (-7,1 %), uzum (-6,6 %), olma (-6,6 %), banan (-6,6 %) va tuxum (-5,0 %) narxlarining pasayishi muhim hissa qoʻshdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan AI-98 va AI-100 markali benzin (10,0 %), AI-95 markali benzin (8,5 %), AI-92 markali benzin (3,9 %) narxi oshishi kuzatildi.

Shuningdek, xizmatlar narxi va tariflarida maishiy chiqindi uchun haq toʻlash (2,7 %), mobil aloqa xizmatlari (2,4 %), shahar avtobusida yoʻl haqi (1,4 %) narxlari oshishi asosiy omil boʻlib xizmat qildi.

Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalaridan 2 mlndan ortiq narxlar qayd etilgan. 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 98 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.

photo_2026-08-05_16-49-39_p20707