Joriy yilning 17-avgust kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) eksperti Mariana Toteva hamda tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy statistigi Rasmiya Aliyeva Milliy statistika qoʻmitasiga tashrif buyurdi.
Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad qishloq xoʻjaligi statistikasi boʻyicha mavjud maʼlumotlar va metodologiyalarni oʻrganish, ularni oʻzaro solishtirish, shuningdek yillik qishloq xoʻjaligi statistikasida integratsiyalashgan va modulli yondashuvlarni takomillashtirishdan iborat.
Tashrif doirasida 18-avgust kuni Milliy statistika qoʻmitasi raisi B. Hamrayev, markaziy apparat masʼul xodimlari hamda FAO ekspertlari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish va muntazam statistika kuzatuvlari doirasida shakllantirilgan maʼlumotlarni oʻzaro taqqoslash, ular oʻrtasidagi nomuvofiqliklarni aniqlash va kelib chiqish sabablarini tahlil qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi statistikasida qoʻllaniladigan tushuncha, taʼrif, tasnif va metodologiyalarni uygʻunlashtirish, maʼlumotlarning oʻzaro izchilligi, aniqligi va davomiyligini taʼminlash yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot davomida maʼlumotlarni muvofiqlashtirish boʻyicha xalqaro tajriba va metodologik yondashuvlarni milliy statistika amaliyotiga joriy etish hamda keyingi chora-tadbirlarni belgilab olish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
FAO ekspertlarining Milliy statistika qoʻmitasiga tashrifi 21-avgustga qadar davom etadi.


