Joriy yilning 3-sentyabr kuni Milliy statistika qoʻmitasida rais oʻrinbosari R. Maxammadiyevning yosh xodimlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv ochiq muloqot shaklida tashkil etilib, unda yosh xodimlarning taklif va tashabbuslari, ish jarayonida duch kelayotgan masalalari, kasbiy rivojlanish imkoniyatlari hamda ularni qiziqtirayotgan boshqa mavzular muhokama qilindi.

Muloqot davomida yoshlar oʻz fikr-mulohazalari, taklif va gʻoyalarini erkin bayon etib, mavjud masalalar hamda ularning yechimlari yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, yosh xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, yangi gʻoyalarni amaliyotga joriy etish va ularning qoʻmita faoliyatidagi ishtirokini yanada kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan taklif va tashabbuslarni oʻrganib chiqish, amaliy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan tegishli choralar koʻrish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

