Bugun, 19-oktabr kuni Milliy statistika qo‘mitasida 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Qo‘mita markaziy aparati xodimlari, shuningdek, mehmon sifatida taniqli shoir va jurnalist Axtamquli Karimov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida o‘zbek tilining boy tarixi, uning milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylashdagi o‘rni, davlat tilining nufuzini yanada yuksaltirish masalalari haqida fikr almashildi.

Axtamquli Karimov ona tilining inson tafakkuri, ma’naviyati va milliy madaniyatini shakllantirishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritib, o‘zbek tilining boy ifoda imkoniyatlari, adabiyot va ijoddagi o‘rni xususida mulohazalarini bildirdi.

Tadbir davomida ona tiliga hurmat, uning sofligi va boyligini asrash, davlat tilida ish yuritish madaniyatini yanada yuksaltirish har bir fuqaroning muhim vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv samimiy muloqot va fikr almashuvlar ruhida o‘tdi. Mazkur ma’rifiy tadbir ishtirokchilarda ona tilimizga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

