Joriy yilning 23- dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma'lumotlar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 808-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan “2021–2025- yillarda O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma'lumotlar sohasini rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlandi. Konsepsiyada 2021–2025- yillarda ochiq ma'lumotlarni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari va tamoyillari, ochiq ma'lumotlarni normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, ma'lumotlarning ochiqligini metodik qo‘llab-quvvatlashni ta'minlash, ma'lumotlarning ochiqligini tashkiliy va axborot-texnologik qo‘llab-quvvatlash hamda konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar kabi masalalar aniq belgilab berilgan.
Shu bilan birga, “O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portali to‘g‘risidagi nizom” ham tasdiqlandi. Nizomda O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portalining maqsad va vazifalarini, uning operatori, ochiq ma'lumotlarni yetkazib beruvchilari va foydalanuvchilari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik tartibi, O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portalini texnik qo‘llab-quvvatlash, uning funksional imkoniyatlarini takomillashtirish, uzluksiz ishlashini ta'minlash hamda idoraviy axborot tizimlari va resurslari bilan integratsiya qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etish, Portalda joylashtirish uchun taqdim etiladigan ochiq ma'lumotlar to‘plamlariga qo‘yiladigan talablar, Ochiq ma'lumotlar to‘plamini va ochiq ma'lumotlar to‘plamining pasportini Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish tartibi kabi masalalar aniq belgilab olindi va tasdiqlandi.
Bundan tashqari, ushbu qarorga asosan Davlat statistika qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ochiq ma'lumotlar sohasidagi xalqaro reytinglarda O‘zbekiston Respublikasining ishtirokini ta'minlash maqsadida mamlakatimizning Xalqaro ochiq ma'lumotlar xartiyasiga qo‘shilishi bo‘yicha belgilangan tartibda zarur choralar ko‘rishi vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 2021- yil 1- avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portali (data.gov.uz)ni yangi talqinini ishlab chiqish va ishga tushirish vazifasi yuklatildi.
Axborot xizmati