O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati tomonidan 2021- yil I yarim yillikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari uchun sayyor qabullar o‘tkazilishi belgilangan.
Belgilangan rejaga ko‘ra, shu yil 20- yanvar kuni qo‘mita raisi o‘rinbosari Zohidjon Ziyayev Marg‘ilon shahrida fuqarolar bilan uchrashdi. Unda jismoniy va yuridik shaxslar, tadbirkorlik subyektlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Sayyor qabulda Zohidjon Ziyayev tadbirkorlik subyektlarini qiynayotgan muammolar bo‘yicha savol-javob tariqasida ishtirokchilar bilan muloqot qildi. Z. Ziyayev fuqarolarga ESTAT 3.0 dasturi qulayliklari haqida ma'lumot berib, hozirgi kunda AKT mutaxassislari ESTAT 4.0 dasturi ustida ish olib borayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i J. Artikov jismoniy va yuridik shaxslar uchun juda kerakli bo‘lgan “ESTAT 3.0 dasturini o‘rnatish va elektron hisobot yuborish” masalasi yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. U ESTAT 3.0 dasturini o‘rnatishdan to hisobotlarni yuborishgacha bo‘lgan barcha jarayon xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Erkin Tashbekov Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori ijrosi yuzasidan atroflicha ma'lumot berdi.
Matbuot xizmati





