Joriy yilning 25- yanvar kuni Davlat statistika qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan murojaatnomasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda qo‘mita markaziy apparati xodimlari, O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Hududiy statistika boshqarmalari xodimlari tadbirni onlayn ravishda kuzatib bordi. Uchrashuvda davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati haqida batafsil so‘z yuritildi. Murojaatnomada belgilangan vazifalar yuzasidan O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti vakillari – falsafa fanlari doktori Bahriddin Primov, dekan muovini Oybek Ochilov, kafedra mudiri Jamshid Umarov batafsil to‘xtalib o‘tdi.
So‘zga chiqqanlar Prezidentimiz murojaatnomasida belgilangan 2021- yilda ijtimoiy sohani rivojlantirish va iqtisodiyotda bozor mexanizmlarini joriy etish borasida belgilangan vazifalar, xususan, maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish, maktab ta’limini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish borasidagi islohotlar, oliy ta’limning qamrovi va sifatini oshirishga doir faoliyat yo‘nalishlari borasida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston “Ochiq ma'lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etdi. “Iqtisodiy erkinlik” reytingida ham mamlakatimizning 26 pog‘ona ko‘tarilgani islohotlarimizning xalqaro maydondagi yana bir e'tirofi bo‘ldi, deb ta'kidladi Prezident o‘z murojaatida.
Uchrashuvda bu boradagi masalalar ham alohida tahlil qilindi. Xalqaro reytinglardagi pozitsiyamizni yanada yaxshilash borasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan takliflar berildi.
Shu bilan birga, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etish, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish hamda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish orqali har bir fuqaroda kasallikka qarshi kuchli immun tizimi paydo bo‘lishini ta’minlash, zararli odatlardan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish, tiklash va reabilitatsiya ishlari hamda ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil qilish atroflicha ko’rib chiqildi.
Matbuot xizmati


