2021- yilning 28- yanvar kuni poytaxtimizdagi Yashnobod tumanida Davlat statistika qo‘mitasi hamda Yashnobod tumani hokimligi tomonidan “2023- yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Ziyadullayev, Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov, qo‘mita, hokimlik hamda Toshkent shahar statistika boshqarmasi mas'ul xodimlari, mahalla faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatini O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ziyadullayev Mahmudjon Jo‘raqulovich kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbirda shuningdek, Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov, Davlat statistika qo‘mitasining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Qobil Berdiqulov va boshqalar mavzu yuzasidan fikr bildirdi.
Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olishda har bir fuqaroning ma'lumotlari muhim ahamiyatga ega bo‘lib, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumoti, uy-joy bilan ta'minlanganlik darajasi, bandligi, daromad manbalari kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha batafsil ma'lumot to‘planadi.
O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023- yilning 1–25- noyabr kunlari o‘tkaziladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni va barcha me'yoriy hujjatlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida 2021- yilning 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi belgilandi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari batafsil ma‘lumot berdi.
Matbuot xizmati








