Joriy yilning 4- fevral kuni Xorazm viloyatining Xiva shahrida Davlat statistika qo`mitasi hamda Xiva shahar hokimligi tomonidan “2023- yilda aholini ro`yxatga olishni o`tkazish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida davra suhbati o`tkazildi.
Unda Davlat statistika qo`mitasi raisi o`rinbosari Mahmudjon Ziyadullayev, Xiva shahar hokimi Temur Davletov hamda Xorazm viloyat statistika boshqarmasi mas'ul xodimlari, mahalla faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatini O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi raisi o`rinbosari Ziyadullayev Mahmudjon Jo`raqulovich kirish so`zi bilan ochib berdi.
Tadbirda shuningdek, Xiva shahar hokimi T.Davletov, Xalq deputatlari Xiva shahar kengashi deputati A.Rahimov, Xorazm viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i A.Otamuratov va boshqalar mavzu yuzasidan fikr bildirdi.
Yig`ilishda ta'kidlanganidek, aholini ro`yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko`lamli tadbir bo`lib, aholi to`g`risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Aholini ro`yxatga olishda har bir fuqaroning ma'lumotlari muhim ahamiyatga ega bo`lib, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumoti, uy-joy bilan ta'minlanganlik darajasi, bandligi, daromad manbalari kabi ko`rsatkichlar bo`yicha batafsil ma'lumot to`planadi.
O`zbekiston Respublikasida aholini ro`yxatga olish tadbiri 2023- yilning 1–25- noyabr kunlari o`tkaziladi. Shuningdek, aholini ro`yxatga olish jarayoni va barcha me'yoriy hujjatlarni sinovdan o`tkazish maqsadida 2021- yilning 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo`jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish tadbiri o`tkazilishi belgilandi.
Tadbir so`nggida ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga Davlat statistika qo`mitasi mutaxassislari batafsil ma`lumot berdi.
Matbuot xizmati








