O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710- son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbiri 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 
Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ziyadullayev Maxmudjon Djurakulovich aholini ro‘yxatga olish tadbiriga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari hamda olib borilayotgan o‘quv-seminarlari bilan tanishish maqsadida Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumaniga bordi.
Maxmudjon Ziyadullayev aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirini sifatli va samarali tashkil etish, shakllantirilgan xaritaga asosan xonadonlarni raqamlash hamda registrator bilishi kerak bo'lgan bir qator vazifalar yuzasidan o‘zining taklif va tavsiyalarini berdi.
Uchrashuvlarda aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g'risidagi ishonchli axborot manbasi bo‘lishi ta’kidlandi.
Aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir davrda O‘zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumot darajasi, uy-joy bilan ta'minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma'lumot olishga yordam beradi. Shuningdek, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.
Sinov tariqasida o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari va o‘quv-seminarlari davom etmoqda.
Matbuot xizmati




