Joriy yilning 7- may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo’lib o’tgan yalpi majlisda deputatlar tomonidan Davlat statistika qo’mitasi rahbariyati va mutaxassislari ishtirokida O’zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi hamda ma’qullandi.
Ma’qullangan qonun loyihasi 7 ta bob va 44 ta moddadan iborat bo’lib, takomillashtirish jarayonida loyihada alohida ajratilgan 17 ta asosiy tushunchalardan 8 tasi moddalarga singdirilgan hamda ularning mazmuni kengroq yoritilgan.
Qonun loyihasida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o’tkazilgan seminar va muhokamalar davomida deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olingani alohida qayd etildi.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi natijasida:
milliy statistika tizimi xalqaro standartlarga mos ravishda isloh qilinadi hamda mamlakatdagi rasmiy statistik ma'lumotlarni ishlab chiqaruvchi barcha organlarning statistika sohasidagi faoliyati tartibga solinadi;
foydalanuvchilarning ishonchli, sifatli va dolzarb rasmiy statistik ma'lumotlarga bo‘lgan ehtiyojlari qondiriladi hamda rasmiy statistikaning shaffofligini ta'minlash borasidagi islohotlarning natijadorligi ta'minlanadi.
Muhokamalar natijasida qonun loyihasi qabul qilinib, Oliy Majlis Senatiga yuborish bo'yicha qaror qabul qilindi.
Matbuot xizmati





