O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710- son qaroriga muvofiq, aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbiri 2021- yil 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda yurtimizda aholini ro‘yxatga olish jarayoniga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Tashkil etilayotgan tadbirlarda qo‘mita vakillari aholini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirlarini sifatli va samarali tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bermoqda.
Jumladan, Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ziyadullayev Maxmudjon Djurakulovich mazkur jarayonga mas’ul xodimlarga aholini ro‘yxatga olish ishlarida qaysi jihatlarga e’tibor qaratish lozimligi yuzasidan zarur taklif va tavsiyalar berdi.
Maxmudjon Ziyadullayev tumanlardagi mahalla va qishloq aholi punktlarining chizma rejalarini tayyorlash, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, tayyorlanadigan xaritalarda mavjud mahalla fuqarolar yig‘inlari va qishloq aholi punktlarining chegarasini aniq ko‘rsatish, ularning chizma rejalarini qog‘oz va elektron shaklda tayyorlash, ko‘cha nomlari, turar va noturar joylar maxsus belgilar bilan ajratish kerakligini ta’kidladi.
Ta’kidlash lozimki, aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir davrda O‘zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumot darajasi, uy-joy bilan ta'minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma'lumot olishga yordam beradi. Shuningdek, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.
Matbuot xizmati







