Joriy yilning 31- may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining Birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev, Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Ziyadullayev hamda UNICEF eksperti Umid Aliyev, Jahon Banki eksperti Vinayak Nagaraj ishtirokida "O‘zbekistonda minimal iste'mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari" mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mahmudjon Ziyadullayev Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi qonunga hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Davlat statistika ishlari dasturi”ga asosan, turli statistik kuzatuvlarni amalga oshirishi, jumladan, Jahon banki tavsiyalariga ko’ra, qo‘mita tomonidan respublikada 10 mingta uy xo‘jaliklarida tanlanma kuzatuvlar o‘tkazilishini ta'kidladi.
Matbuot anjumanida 2020- yilda Jahon banki ko‘magida respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xo‘jaliklarida minimal iste'mol xarajatlarini hisoblash uchun tajriba sifatida so‘rovnoma o‘tkazilganligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekistonda minimal iste'mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida minimal iste'mol xarajatlari, dastlabki hisob - kitoblarga ko‘ra 440 ming so‘m etib hisoblangani qayd etildi.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarning savollariga mutasaddilar atroflicha javob berishdi.
Matbuot xizmati




