- Uy xoʻjaligi tanlanma kuzatuvlarini oʻtkazish tartibi.
Oʻzbekiston Respublikasi aholisining turmush darajasi va farovonligini oʻrganish maqsadida, davlat statistika organlari tomonidan har yili uy xoʻjaliklarida tanlanma usulda kuzatuvlar oʻtkaziladi. Oʻz navbatida, uy xoʻjaliklarida kuzatuv oʻtkazish uslubiyoti Jahon Banki va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining tavsiyalariga asoslangan boʻlib, respublikaning barcha hududlari qamrab olinadi. Bir yil davomida uy xoʻjaliklari tanlanma kuzatuvlari respublika boʻyicha jami uy xoʻjaliklari (respublikadagi jami uy xoʻjaliklari soni 6889 ming) sonidan 0,2% ni tashkil etadi.
Statistika organlari tomonidan barcha hududlarda har oy 834 ta, yilda 10000 ta uy xoʻjaliklari tanlanma ravishda kuzatiladi. 2023- yildan kuzatuvlarni bosqichma-bosqich ikki barobarga (20000 ta) oshirish rejalashtirilmoqda.
Uy xoʻjaligi bu - ma’lum bir turar-joy manzilida birga yashovchi, daromadlari yoki mol-mulkini toʻliq yoki qisman birlashtirgan hamda ayrim turdagi tovarlar va xizmatlarni (asosan uy-joy xizmatlari va oziq-ovqat mahsulotlarini) birgalikda iste’mol qiladigan shaxslar guruhi hisoblanadi.
Uy xoʻjaliklarida tanlanma kuzatuv oʻtkazish tamoyillari.
Uy xoʻjaliklari kuzatuvi Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida oshkora va ishonchli ma’lumotlarni olish maqsadida tanlanma usulda oʻtkaziladi. Kuzatuvlar tanlab olingan uy xoʻjaliklarining unda ixtiyoriylik tamoyili asosida ishtirok etishi orqali tashkil etiladi. Uy xoʻjaliklar tanlovi har oyda amalga oshiriladi. Kuzatuv – uy xoʻjaligi a’zolari bilan bevosita planshetlar orqali soʻrov (intervyu) oʻtkazishga asoslanadi.
Uy xoʻjaliklarining tanlanma kuzatuvini oʻtkazishga tayyorgarlik ikki bosqichda amalga oshiriladi.
1-bosqich: respublikaning jami mahallalar (9170 ta) roʻyxati shakllantiriladi. Shundan, shahar va qishloqlar kesimida har yarim yilda 208 ta mahalla (yilda 416 ta) maxsus dasturiy ta’minot yordamida tanlab olinadi.
2-bosqich: barcha tanlab olingan mahallalardan 10 mingta uy xoʻjaligi maxsus dasturiy ta’minot orqali avtomatik tanlab olinadi ya’ni, tanlab olingan mahallalarda yashovchi uy xoʻjaliklarining roʻyxatlari shakllantiriladi va maxsus dasturiy ta’minot orqali uy xoʻjaliklari tasodifiy tanlov asosida amalga oshiriladi.
III. Uy xoʻjaliklari tanlanma kuzatuvlarini oʻtkazishda qogʻoz shaklidan elektron shaklga oʻtish quyidagi afzalliklarga ega.
Uy xoʻjaliklarida tanlanma kuzatuvlarni oʻtkazishni xalqaro standartlarga moslashtirish, kuzatuv uslubiyatini takomillashtirish, sifatini yanada oshirish maqsadida 2021- yil yanvar oyidan boshlab, uy xoʻjaliklari tanlanma kuzatuvlarini oʻtkazish uchun zamonaviy elektron qurilmalar (planshetlar)dan foydalanish va avtomatlashtirilgan shaxsiy soʻrov texnologiyalari toʻliq joriy etildi.
Agar 2020- yilgacha uy xoʻjaligi tanlanma kuzatuvi natijasida 824 ta koʻrsatkichlar shakllantirilgan boʻlsa, 2021- yil yanvar oyidan yangi uslubiyat asosida soʻrovnomalardan 2028 ta koʻrsatkichlar shakllanmoqda.
Eski uslubiyat asosida oʻtkazilgan kuzatuvlarda bir uy xoʻjaligiga bir oy davomida 4 marta tashrif buyurilgan boʻlsa yangi uslubiyat boʻyicha uy xoʻjaligiga bir marta tashrif buyuriladi.
Jahon Banki va Davlat statistika qoʻmitasi oʻrtasida imzolangan kelishuvga asosan Jahon Banki tomonidan uy xoʻjaligi tanlanma kuzatuvini oʻtkazish maqsadida 140 dona planshet taqdim etildi hamda kuzatuv ma’lumotlarini tahlil qilish uchun zamonaviy dasturiy ta’minot yaratildi.
Uy xoʻjaliklari bilan oʻtkaziladigan soʻrov jarayonlarini avtomatlashtirish orqali, ma’lumotlarni olish tezkorligi va haqqoniyligi ta’minlanadi, koʻrsatkichlarning sifati oshishiga erishiladi.
2020 yilgacha uy xoʻjaliklar kuzatuvi savolnomalarini qogʻoz shaklida chop etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar oʻrtacha bir yilda 80 mln. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, (5 yilda yarim mlrd. soʻmga yaqin mablagʻ iqtisod qilinadi) 2021 yildan kuzatuvlar planshetlarda joriy qilinganligi munosabati bilan ushbu byudjet mablagʻlari tejab qolinishiga erishildi.
Uy xoʻjaliklari tanlanma kuzatuvlarini elektron qurilma (planshet)lar yordamida oʻtkazish quyidagi afzalliklar taqdim etadi.
- Qogʻoz sarfining tejalishi;
- Qogʻoz savolnomalardagi ma’lumotlarni kompyuterga kiritishga sarflanadigan mehnat va vaqtning tejalishi;
- GPS tizimi orqali intervyuerlarni nazorat qilish tizimining yoʻlga qoʻyilishi;
- Kuzatuvlar natijasida shakllanadigan ma’lumotlar koʻlamini kengayishiga;
- Uy xoʻjaliklariga amalga oshirilgan tashriflar sonining kamayishi hisobiga transport xarajatlariga tejalishiga erishiladi.
Tanlanma kuzatuvlar haqqoniyligini va ishonchligini ta’minlashning nazorat mexanizmlari quyidagilardan iborat.
- Planshetlar orqali kuzatilgan uy xoʻjaliklarni GPS tizimi orqali nazorat qilinadi;
- Kuzatilgan uy xoʻjaliklarning 15 % iga qayta tashrif buyurish orqali ma’lumotlar sifati va haqqoniyligi nazorat qilinadi.
- Kuzatilgan uy xoʻjaliklarning birlamchi ma’lumotlar bazasi statistika qoʻmitasi xodimlari tomonidan arifmetik- mantiqiy nazorat qilinadi hamda haqiqatdan yiroq boʻlgan ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi. (misol uchun harid qilingan oziq-ovqat mahsulotlari narxi real holatni aks ettirmasligi shuningdek, mutaxassilar tomonidan ma’lumolarni kiritilayotganda e’tiborsizligi oqibatida texnik xatoliklar).
- Tanlovga tushgan uy xoʻjaliklariga byudjetdan ajratilgan mablagʻlar hisobidan ragʻbatlantirish (kuzatuvga tushgan har bir uy xoʻjaligiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiz miqdorida bir martalik pul mukofoti).
- Kuzatuv soʻrovnomalarining turlari.
- Uy xoʻjaliklari kuzatuvi soʻrovnomasi;
- Uy xoʻjaligi a’zolari bilan yakka tartibda oʻtkaziladigan soʻrovnoma;
- Uy xoʻjaligilarining AKT ga oid soʻrovnomasi;
- Ichki turizm va aholining jismoniy faolligi kuzatuvi soʻrovnomasi.
https://my.stat.uz/uz/hisobot-va-kuzatuvlar#davlat-statistika-kuzatuvlari-2
- Tanlanma kuzatuv natijasida shakllanadigan asosiy ma’lumotlar.
- Uy xoʻjaliklarining ijtimoiy-demografik tarkibi;
- Uy xoʻjalik a’zolarining savodxonlik va ta’lim darajasi;
- Uy joylar turi va shaxsiy turar-joyga ega uy xoʻjaliklari;
- Uy xoʻjaliklarining uy-joy sharoitlari va qulayliklari (ichimlik suv va issiq suv, tabiiy gaz, elektr toki, isitish tizimi va kanalizatsiya bilan ta’minlanganligi);
- Uy xoʻjaliklarining umumiy daromadlari tarkibi;
- Uy xoʻjaliklarining umumiy va iste’mol xarajatlari tarkibi;
- Aholining oʻrtacha jon boshiga umumiy daromadlarining miqdori boʻyicha taqsimlanishi;
- Aholi daromadlarining tabaqalanishi:
Jini indeksi;
Fondlar koeffitsiyenti (kvintel, detsil);
- Asosiy daromad manbalari boʻyicha aholining tabaqalanishi;
- Uy xoʻjaliklari a’zolarining asosiy oziq-ovqat mahsulotlari iste’moli;
- Uy xoʻjaliklarining uzoq muddat foydalaniladigan buyumlar bilan ta’minlanganligi;
- Uy xoʻjaliklarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ulanish imkoniyatining mavjudligi;
- Uy xoʻjaligi a’zolarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan, jumladan, mobil telefon, kompyuter va Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishi toʻgʻrisida ma’lumot.
- Uy xoʻjaliklari tanlanma kuzatuvi natijalari, minimal iste’mol xarajatlari koʻrsatkichlarini shakllanishdagi bogʻliqliklari.
Statistika organlari tomonidan 2020- yilda 10 mingta uy xoʻjaliklari tanlanma kuzatuvlari bilan bir vaqtda Jahon banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan yangi uslubiyatga asosan 5400 ta uy xoʻjaliklarida sinov tariqasida planshet qurilmalari yordamida kuzatuvlar oʻtkazildi.
Minimal iste’mol xarajatlarini aniqlashda Uy xoʻjaliklari kuzatuvi soʻrovnomasidan 86 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va 130 dan ortiq nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmat turlari boʻyicha shakllanadigan koʻrsatkichlardan foydalaniladi.
Uy xo’jaligi so’rovnomasiga o’tish → https://my.stat.uz/images/forms/2021/anketa/18_uy_hujaligi.docx



