O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 3- avgustdagi PQ-4796-son qarori bilan tasdiqlangan “2020-2025- yillarda O‘zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi”ning 32, 33 - bandlariga muvofiq Davlat statistika qo‘mitasiga “Milliy hisoblar tizimi-2008” (MHT-2008) xalqaro standartini amaliyotga to‘liq joriy etish hamda yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning tarkibiy qismlarini baholash amaliyotini takomillashtirish vazifalari yuklatilgan.
Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan milliy hisoblar statistikasi ko‘rsatkichlarini, jumladan, YaIMning tarkibiy qismlarini baholash amaliyotini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan:
- Xalqaro tavsiyalar va xorijiy davlatlar tajribasi asosida uy xo‘jaliklarining o‘z uyida yashash bo‘yicha xizmatlari (shartli uy-joy rentasi) hajmini baholash metodologiyasi takomillashtirildi.
Mazkur tadbir doirasida Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari tavsiyalari asosida hamda mamlakatdagi uy-joy bozori xususiyatlarini hisobga olgan holda “Uy-joy egalari tomonidan o‘z iste’moli uchun ishlab chiqarilgan yashash xizmatlarini baholash bo‘yicha uslubiy nizom” ishlab chiqildi.
Ushbu uslubiy nizomga muvofiq, foydalanuvchilar xarajatlari usuli asosida O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha 2010-2020- yillar uchun o‘z uyida yashash bo‘yicha xizmatlar hajmlarini qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi va uning YaIMga ta’siri baholandi.
Ma‘lumot uchun: Agar inson uy-joyni ijaraga olsa va ijara to‘lovini amalga oshirsa, bu holat iqtisodiy operatsiya hisoblanadi va o‘z navbatida, xizmatlar sohasi ko‘rsatkichlarini shakllantirishda hisobga olinadi. Agar inson o‘z uyida yashasa va buning uchun ijara puli to‘lamasa, amalda hech qanday iqtisodiy operatsiya amalga oshmagan hisoblanadi. Ammo, bunday holatda MHT metodologiyasiga ko‘ra uy egasi, agar u xuddi shunday uyni ijaraga olganida, to‘lashi kerak bo‘lgan mablag‘ miqdorida shartli daromad olishi kerakligi va bu daromadga teng bo‘lgan shartli yashash xizmatlari hisobga olinishi ko‘zda tutilgan.
Shundan kelib chiqib, MHT tamoyillariga asosan, o‘z uyida yashash bo‘yicha shartli xizmatlar hajmi ishlab chiqarish chegarasiga kiritiladi va uy xo‘jaliklari iste’molining bir qismi hisoblanadi (“МHТ-2008” qo‘llanmasining 6.34 va 6.117 – bandlari).
O‘z uyida yashash bo‘yicha xizmatlar hajmini baholashning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon banki tomonidan tavsiya etilgan va xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan usullaridan biri bu – foydalanuvchilar xarajatlari usulidir. Unga ko‘ra o‘z uyida yashash bo‘yicha xizmatlar hajmi quyidagi tarkibiy qismlar yig‘indisi orqali hisoblanadi:
- oraliq iste’mol hajmi (uy-joyni saqlash va ta’mirlash bo‘yicha joriy xarajatlar);
- ishlab chiqarishga boshqa soliqlar (mol-mulk solig‘i);
- asosiy kapital iste’moli hajmi (uy-joy uchun shartli hisoblangan amortizatsiya - eskirish);
- sof foyda (uy-joyni ijaraga berishdan olinadigan shartli ravishda baholangan sof foyda).
Shartli uy-joy rentasini hisoblashning takomillashtirilgan metodologiyasi joriy etilishi natijasida 2020- yil uchun YaIMning nominal hajmi 580,2 tlrn.so‘mdan 602,6 tlrn.so‘mga (3,9 % ga) oshdi. YaIM real o‘sish sur’atlari amaldagi 1,6 foizdan 1,7 foizgacha, o‘z uyida yashash xizmatlarining YaIMdagi ulushi esa 1,5 foizdan 5,1 foizgacha oshdi.
Ma’lumot uchun: BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi kuzatuvi natijalariga ko‘ra 2019- yilda o‘z uyida yashash bo‘yicha xizmatlarning YaIMdagi ulushi Rossiya Federatsiyasida 5,9 foizni, Qozog‘istonda 5,5 foizni, Ukrainada 4,8 foizni, Belarusda 3,5 foizni, Ozarbayjonda 3,1 foizni tashkil etgan.
O‘zbekiston Respublikasi YaIMni qayta hisoblash natijalari bo‘yicha taqqoslama jadval
|
Yillar |
YaIMning nominal hajmi, mlrd. so‘m |
||
|
qayta hisoblashgacha |
qayta hisoblashdan so‘ng |
o‘zgarishi |
|
|
2010 |
74 042,0 |
78 936,6 |
4 894,6 |
|
2011 |
96 949,6 |
103 232,6 |
6 283,0 |
|
2012 |
120 242,0 |
127 590,2 |
7 348,2 |
|
2013 |
144 548,3 |
153 311,3 |
8 763,1 |
|
2014 |
177 153,9 |
186 829,5 |
9 675,6 |
|
2015 |
210 183,1 |
221 350,9 |
11 167,8 |
|
2016 |
242 495,5 |
255 421,9 |
12 926,3 |
|
2017 |
302 536,8 |
317 476,4 |
14 939,6 |
|
2018 |
406 648,5 |
424 728,7 |
18 080,2 |
|
2019 |
510 117,2 |
529 391,4 |
19 274,2 |
|
2020 |
580 203,2 |
602 551,4 |
22 348,2 |
- Yakuniy iste’mol usulida YaIMni hisoblashda Milliy hisoblar tizimi va To‘lov balansi o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlikni ta’minlash choralari ko‘rildi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari bilan hamkorlikda Milliy hisoblar tizimi va To‘lov balansi o‘rtasidagi muvofiqlikni ta’minlash maqsadida yakuniy iste’mol (xarajatlar) usulida YaIMni hisoblash metodologiyasi:
- eksport-import ko‘rsatkichlarini Xalqaro valyuta jamg‘armasining To‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya bo‘yicha qo‘llanmasining oltinchi nashriga muvofiq tuzilgan O‘zbekiston Respublikasining To‘lov balansi ma’lumotlari asosida shakllantirish (amaldagi tajribada bojxona statistikasi ma’lumotlari asosida shakllantirilgan);
- uy xo‘jaliklarining yakuniy iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichiga To‘lov balansining “safarlar” komponentini, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarining chet eldagi safarlar bilan bog‘liq xarajatlarini kiritish (amaldagi tajribada “safarlar” komponenti hisobga olinmagan);
- moddiy aylanma vositalar zaxiralarining o‘zgarishi ko‘rsatkichida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro zaxiralari tarkibidagi rasmiy oltin zaxira aktivlarining o‘zgarishini aks ettirishni (amaldagi tajribada yakuniy iste’mol usulidagi YaIM tarkibida rasmiy oltin zaxira aktivlarining o‘zgarishi hisobga olinmagan) nazarda tutuvchi o‘zgarishlarni kiritish asosida takomillashtirildi.
Shu bilan birga, yangilangan metodologik yondashuv asosida baholangan o‘z uyida yashash bo‘yicha xizmatlar qiymati yakuniy iste’mol usulida hisoblangan YaIM tarkibidagi uy xo‘jaliklarining yakuniy iste’mol xarajatlarida aks ettirildi.
Yuqorida bayon etilgan takomillashtirilgan metodologik yondashuvlar joriy qilinishi natijasida 2020- yil uchun yakuniy iste’mol usulida hisoblangan YaIM tarkibida uy xo‘jaliklarining yakuniy iste’mol xarajatlari ulushi amaldagi 54,5 foizdan 57,2 foizgacha, moddiy aylanma vositalar zaxiralarining o‘zgarishi - 0,4 foizdan 2,7 foizgacha, tovarlar va xizmatlar importi ulushi 36,7 foizdan 37,7 foizgacha oshdi. Tovarlar va xizmatlar eksportining ulushi esa 26,3 foizdan 24,3 foizgacha kamaydi.
Natijada, O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha yakuniy iste’mol usulidagi YaIM hisob-kitoblari takomillashtirildi, jumladan, uning tarkibidagi tashqi savdo, uy xo‘jaliklarining yakuniy iste’mol xarajatlari va moddiy aylanma vositalar zaxiralarining o‘zgarishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar qamrovi kengaytirildi.
Davlat statistika qo‘mitasi saytining quyidagi havolasida milliy hisoblar statistikasi ko‘rsatkichlarini qayta hisoblash natijalari bilan batafsil tanishib chiqishingiz mumkin:https://stat.uz/uz/rasmiy-statistika/national-accounts-2.
Kelgusida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan Statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasini amalga oshirish doirasida statistika uslubiyotini takomillashtirish hamda “MHT-2008”ning yangi qoidalarini joriy etish ishlari davom ettiriladi.
|
Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi |
Matbuot xizmati |
|
Tel.: 71 203-80-28 |
Tel.: 71 203-80-24 |


